Avvalroq prezident sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida yig‘ilishda dori-darmonlar importini qisqartirish rejalari ko‘rib chiqilganini ma‘lum qildi. Uning aytishicha, 2024-yilda farmatsevtika mahsulotlari importi $1,67 mlrdni (+9%), 2025-yilda esa $1,78 mlrdni (+6,4%) tashkil etgan.
Ushbu o‘sish tendensiyasi davom etsa, 2026-yilda import taxminan $1,9 mlrdga (+6%) yetishi kutilmoqda. Biroq, Farmagentlik dori-darmonlar importini 15,4%ga — $1,6 mlrdgacha qisqartirishni rejalashtirmoqda.

Xususan, buning uchun quyidagilar amalga oshiriladi:
- 31 ta yangi loyihani ishga tushirish orqali ishlab chiqarish hajmini $171 mlnga oshirish;
- 6 mingta import preparatning referent narxlarini pasaytirish;
- texnologiyalar transferi asosida 130 turdagi dori vositasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
- elektron retsept tizimini joriy etish.
2025-yil 5-dekabrda Farmagentlik 2 mingta dori vositasining referent narxlarini pasaytirdi, natijada ularning ulgurji narxi 40−60%ga tushdi. Buning oqibatida xorijiy kompaniyalar distribyutorlarga $70 mln qaytardi, ular esa o‘z navbatida ortiqcha to‘langan $20 mlnlik soliqlarni qaytarib olishadi.
Abdulla Azizovning ta‘kidlashicha, 1-martdan boshlab dorixonalarda 2 mingta dori-darmonning chakana narxlari pasayadi. Bundan tashqari, aprel oyida yana 4 mingta preparat referent narxlarini pasaytirish rejalashtirilgan. Umuman olganda, 2026-yilda 6 mingta dori narxi arzonlashishi kutilmoqda.
Prezident Farmagentlikka mahalliy ishlab chiqaruvchilar va importyorlarning mamlakat ichida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va texnologiyalar transferini kengaytirish borasidagi muammolarini o‘rganish hamda farmatsevtika mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqarishni ko‘paytirishga ko‘maklashish vazifasini topshirdi.
Avvalroq Spot Sog‘liqni saqlash vazirligi 15-yanvardan dorixonalarda antibiotiklar faqat retsept asosida berilishi haqidagi xabarlarni rad etgani haqida yozgandi.
