AQSHda noqonuniy bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar deportatsiya qilindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxanov ma’lum qildi.

21-yanvar kuni AQSH hududida noqonuniy bo‘lib turgan shaxslarni deportatsiya qilish maqsadida ushbu davlatning vakolatli idoralari tomonidan yana bir charter reysi amalga oshirildi. Ushbu reysda 44 nafar O‘zbekiston fuqarolari Vatanga qaytarildi.

“Charter reysi AQSHning tegishli hukumat idoralari bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan bo‘lib, uning amalga oshirilishi orqali O‘zbekiston fuqarolarining yurtimizga xavfsiz va o‘z vaqtida qaytarilishi ta’minlandi. Mazkur tadbir O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikning yana bir muhim namunasidir”, — dedi Ahror Burxanov.

Shu bilan birga, u O‘zbekiston fuqarolarining o‘zga davlatlarda xavfsizligini ta’minlash, ularning qonuniy huquqlarini himoya qilish va ularni ortga qaytarish borasidagi hamkorlik davom etishini bildirdi.

2023-yilning 20-noyabridan Meksika orqali AQShga kirishga uringan o‘zbekistonliklar mamlakatga kiritilmasligi belgilangandi. AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi noqonuniy kirayotgan fuqarolar AQShga qo‘yib yuborilmasdan, immigratsiya ishi hal qilingungacha hibsda saqlanishini bildirgandi.

O‘sha yilning dekabrida AQShga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 119 nafar o‘zbekistonlik ortiga qaytarilgandi. Mamlakat elchixonasi Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy migratsiya xavfli va qimmatga tushishini eslatgan. 2024-yilning 3-mart kuni ham xuddi shu yo‘l bilan AQShga ketgan 74 nafar fuqaro ortiga qaytarildi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston AQSHda uchta konsullik ochishi va yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.