Bellissimo Pizza pitseriyalar tarmog‘i franshiza bo‘yicha beshta mamlakat bozoriga chiqish niyatida. Bu haqda 21-yanvar kuni kompaniya asoschisi Farruh Abdullayev elchilar va tadbirkorlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, pitseriyalar tarmog‘i franchayzing modeli bo‘yicha brendni boshqa mamlakatlarga kengaytirish ustida ishlamoqda.
Bellissimo Pizza allaqachon Qozog‘istonda 9 ta filialini ochgan va Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Ozarbayjon va Gruziyaga chiqishni rejalashtirmoqda.
Farruh Abdullayev ko‘rsatilgan mamlakatlardagi elchilar bilan hamkorlikda franchayzi izlash uchun savdo ko‘rgazmasi tashkil etishni so‘radi.
Bitta xorijiy filialning ochilishi yiliga $150−200 ming miqdorida xomashyo eksportini ta’minlaydi. “Qozog‘istonda bizning 200 ta nuqta ochish imkoniyatimiz bor,” deya qo‘shimcha qildi tadbirkor.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev O‘zbekiston elchilariga mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari bilan tanishish uchun ishtirokchilar bilan roud-shou va treyd-shou ro‘yxatini tuzishni topshirdi.
Bellissimo Pizza Qozog‘istonda
2025-yil may oyida Bellissimo Pizza tarmog‘i Qozog‘istonga kirish rejalarini e’lon qilib, bu bozorni “butun Markaziy Osiyo bo‘ylab keyingi rivojlanish uchun strategik start” deb atadi. Kompaniya mahalliy talab xususiyatlarini o‘rganish va o‘z jarayonlarini moslashtirish zarurati bilan izohlab, dastlabki uchta restoranini o‘z boshqaruvi ostida ochishga qaror qildi.
2028-yil oxiriga borib Bellissimo Pizza Qozog‘istonda qariyb 200 ta manzil ochishni rejalashtirmoqda. Kompaniya e’tiborini yirik shaharlarga qaratadi, kelajakda esa tarmoqni franchayzing modeli asosida rivojlantirishni ko‘zlamoqda.
Noyabr oyida Bellissimo Pizza Olmaotada Papa John’s xalqaro brendiga tegishli olti ta manzilni sotib olgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu manzillarni o‘tgan yil dekabr oyining oxiridan boshlab bosqichma-bosqich yangi brend ostida ochish rejalashtirilgan.
Avvalroq Safia Turkmaniston va Ozarbayjon bozorlariga chiqishni rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.
