Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni Davos shahriga amaliy tashrifi doirasida BlackRock kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
BlackRock bilan investitsiyaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Kompaniyaning O‘zbekistondagi ustuvor loyihalarda ishtirok etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Kompaniyaning O‘zbekistondagi bir qator korxonalar kapitaliga kirish, qo‘shma investitsiya mexanizmlarini ishlab chiqish va mamlakat investitsiya muhitini yaxshilash uchun xalqaro ekspertizani jalb qilish bo‘yicha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.
2025-yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev Al Mirqab Capital kompaniyasi boshqaruvi raisi Hamad bin Jassim Ol Soniy va BlackRock kompaniyasi boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesidan iborat xorijiy investorlar delegatsiyasini qabul qilgan edi. Tomonlar istiqbolli loyihalarni tizimli ilgari surish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olgan.
O‘shanda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov O‘zbekiston transport, energetika, infratuzilma va turizm sohalarini qamrab olgan sakkizta yirik investitsiya loyihasidan iborat Al Mirqab Capital va BlackRock portfelini taqdim etganini aytgandi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzilgandi, u bir oy ichida loyihalarni amalga oshirishning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari va shartlarini ishlab chiqishi kerak edi.
Sentabr oyida prezident Nyu-Yorkda BlackRock rahbari Adebayo Ogunlesi bilan uchrashdi. Unda qo‘shma investitsiya fondini tashkil etish rejalari qo‘llab-quvvatlanib, yaqin vaqtda platforma konsepsiyasini kelishish va qo‘shma loyihalarni boshlashga kelishildi.
Maʼlumot uchun, BlackRock — Amerikaning aktivlar va fondlarni boshqarish, shuningdek, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan yirik investitsiya kompaniyasi. Kompaniya aktivlari $11 trlndan oshadi.
