Milliy statistika qo‘mitasi ma‘lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yakuni bilan O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi so‘nggi bir necha yildagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi.
O‘tgan yilning yanvar-dekabr oylarida O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 7,7% ni tashkil etdi, bu 2024-yilning shu davriga nisbatan 1% bandga ko‘p (6,7%).
Natijada iqtisodiy o‘sish mamlakat COVID-19 pandemiyasidan tiklanayotgan 2021-yildan beri eng yuqori darajaga erishdi.
Iqtisodiy faollik oshganiga qaramay, inflyatsiya 9,8% dan 7,3% gacha, aholi umumiy daromadlarining real o‘sishi esa 11,7% dan 9,2% gacha pasaydi.
O‘zbekistonning doimiy aholisi soni qariyb 700 ming kishiga ko‘payib, birinchi marta 38 mln kishidan oshdi. 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatda 38,23 mlndan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Sanoat ishlab chiqarishining fizik hajmi indeksining o‘sishi biroz oshdi — 6,5% dan 6,8% gacha. Qurilish sohasida sezilarli o‘sish qayd etildi, uning hajmi o‘tgan yili 14,2% ga oshdi (2024-yilda — 10%).
Shuningdek, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi (+4,4%), chakana xizmatlar (+14,7%) va tashqi savdo aylanmasi (+20,7%), shu jumladan eksport (+24%) va import (+18,5%) o‘sish sur‘atlari tezlashdi. O‘tgan yilga nisbatan o‘sishning sekinlashishi yuk aylanmasida (+1,9%) va yo‘lovchi aylanmasida (+5,8%), shuningdek, chakana savdo aylanmasida (+11,2%) kuzatildi.
O‘tgan yilning noyabr oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi yalpi ichki mahsulotning 7% ga o‘sishini — 1,72 kvadrilion so‘mgacha, aholi jon boshiga ko‘rsatkich — $3589, inflyatsiya — 8% dan past, ishsizlik — 5% ni tashkil etishini kutgan edi.
Dekabr oyi oxirida prezident Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida 2025-yilda YIM birinchi marta $145 mlrddan, tashqi savdo hajmi esa $80 mlrddan oshganini ma‘lum qildi. Shu bilan birga, eksport 23% ga o‘sib, $33,4 mlrdga yetdi.
Avvalroq Markaziy bank va Raqobat qo‘mitasi inflyatsiyani pasaytirish ustida birgalikda ishlashi haqida xabar berilgandi.
