2025-yilgi bayramona xaridlar mavsumi $1,29 trlnlik rekord ko‘rsatkich bilan yakunlandi. Bu haqda Sostav nashri Salesforce hisobotiga tayanib xabar berdi.
Bunga asosan sun’iy intellekt asosidagi xaridlarga o‘tish turtki bo‘ldi. Barqaror iste’molchi talabi global onlayn savdolar hajmini o‘tgan yilga nisbatan 7% ga oshirdi.
Shu bilan birga, o‘z SI-agentlarini joriy etgan brendlar bunday texnologiyadan foydalanmagan kompaniyalarga qaraganda ancha yuqori o‘sishni namoyon etdi.
Iste’molchilar narxlar oshishiga moslashib, eng qulay takliflarni topish uchun mobil qurilmalar va sun’iy intellekt vositalaridan faol foydalandi.
Sun’iy intellekt jahondagi chakana savdolarning 20%iga ta’sir ko‘rsatdi. ChatGPT yoki Perplexity kabi AI platformalari orqali shakllangan qidiruv so‘rovlaridan kelgan trafik ijtimoiy tarmoqlarnikiga nisbatan to‘qqiz baravar yuqori konversiya ko‘rsatdi.
Bundan tashqari, Pandora va SharkNinja kabi o‘z AI-agentlaridan foydalangan kompaniyalar boshqalarga nisbatan 59% tezroq o‘sish sur’atini qayd etdi.
SI-agentlar savdoning to‘liq hayotiy jarayonida faol ishtirok etuvchi muhim vositaga aylandi. Dekabr oyida, bayramoldi xaridlar avj olgan davrda, ular ishtirokidagi servis o‘zaro aloqalari 66% ga oshdi.
Shu bilan birga, ular murakkab operatsiyalarni mustaqil bajarish qobiliyatini namoyon etdi: qaytarib berishlarni ko‘rib chiqish va yetkazib berish ma’lumotlarini yangilash kabi jarayonlar hajmi 142% ga ko‘paydi.
2025-yilgi bayramona xaridlar mavsumida erishilgan rekord ko‘rsatkichlar nafaqat sun’iy intellekt omili bilan izohlandi. Bu yil mobil qurilmalar xaridlar uchun asosiy platforma sifatida butunlay ustunlikni qo‘lga oldi.
Kiberhaftaning eng muhim pallalarida jahon onlayn-trafikining 78%i va buyurtmalarning 70%i mobil qurilmalar orqali amalga oshirildi. Ushbu ustunlik “Qora juma” kuni ham saqlanib qoldi — global buyurtmalarning deyarli 70%i mobil qurilmalar orqali rasmiylashtirildi.
Bayram mavsumida iste’molchilar ko‘proq mablag‘ sarflagan bo‘lsa-da, ular xaridlarni ancha sinchkovlik bilan amalga oshirdi va elektron tijorat saytlarida sezilarli darajada ko‘proq vaqt o‘tkazdi (AQSHda bu ko‘rsatkich 35% ga oshdi).
Xarid qilishdan oldin iste’molchilar mahsulotlarni faol o‘rgandi va tadqiqotlarning asosiy qismini mobil telefonlari orqali amalga oshirdi.
Avvalroq sun’iy intellekt eng ko‘p ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan kasblar ro‘yxati e’lon qilingandi.
Qayd etilishicha, tarjimonlar, tarixchilar va yozuvchilar sun’iy intellektni qo‘llash imkoniyati eng yuqori bo‘lgan kasblar qatoriga kiradi.
