Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026-yildagi asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda 2026-yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga 140 trln so‘m kredit ajratilishi qayd etildi.

“Ochiq aytish kerak, hozir banklar taklif qilayotgan kreditlar barcha tuman va shaharlar uchun bir xil. Endi o‘zingiz ayting, Olmazor bilan Bo‘zatovdagi imkoniyat va sharoitni taqqoslab bo‘ladimi Lekin oilaviy tadbirkorlik uchun ikkala tumanga bir xil, 17,5% li kredit ajratilyapti. Endi 37 ta „og‘ir“ tumanda ushbu dastur doirasida kreditlar 12% dan beriladi”, — dedi prezident.

Barcha tumanda oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha imtiyozli kreditning eng ko‘p miqdori 1,5 karra ko‘payib, 50 mln so‘mga yetkaziladi. Bunda import qilingan va sertifikatli naslli chorva uchun 100 mln so‘mgacha kredit beriladi.

Uy mehmonxona, kichik hajmli muzlatkich, mahsulotni saqlash va qayta ishlash mini texnologiyasi uchun 150 million so‘m garovsiz kredit ajratiladi.

Chegara va anklav hududda joylashgan 562 ta mahalladagi tadbirkorlik loyihalarining kredit miqdori 1 mlrd so‘mgacha oshiriladi.

Buning uchun joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlariga reja qilingan 3,6 trln so‘mga qo‘shimcha yana 2 trln so‘m resurs yo‘naltirilishi belgilandi.

Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish uchun bu yil banklar 17 trln so‘mlik kredit ajratadi. Bu jarayonda mahsulot yetishtirishga olingan kreditning 4%i, uni qayta ishlash loyihasida esa 6%i qoplab beriladi.

Avvalroq Spot onlayn mikroqarz berish tartibi o‘zgargani, jumladan, endi bir kunda faqat 1 ta bankdan kredit olish mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.