Chorvoq suv ombori bo‘yidagi Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurortini qurish loyihasi uchun fermerlardan olingan yer uchastkalari bo‘yicha kompensatsiya keyingi haftada to‘lanadi. Bu haqda 23-yanvar kuni Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Axmedov jamoatchilik eshituvida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy hokimiyat loyiha doirasida barcha yerlarni xatlovdan o‘tkazib, fermerlar bilan kelishuvga erishilgan. Jumladan, uch nafar fermerning yerga bo‘lgan mulk huquqi sud tartibida bekor qilingan.
“Qolgan barcha fermerlar bilan shartnomalar tuzilgan, [yer qiymatini] baholash ishlari amalga oshirilgan. Keyingi haftada pullar to‘liq to‘lab beriladi. Fermerlarning barchasi baholash hisobotlarini eshitgan, to‘lovlar bo‘yicha hech qanday masala qolmadi”, — dedi tuman hokimi.
Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Najmiddinxo‘ja Sharipovning qo‘shimcha qilishicha, xorijiy investorning kelishi mahalliy aholining yashash sharoitini yaxshilash yechimini beradi. Xususan, developer o‘z hisobidan tozalash inshootlari quradi va kanalizatsiya o‘tkazadi.
Jo‘rabek Axmedov fermerlarga kompensatsiya to‘lovlari Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasi tomonidan to‘liq qoplanishini bildirdi. Biroq, hokim bu “ikki tomon — investor va fermerlar o‘rtasidagi munosabat bo‘lgani uchun” kompensatsiyaning umumiy miqdorini oshkor qilmadi.



Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi / Telegram
Jamoatchilik eshituvida ishtirok etayotgan fermerlardan birining aytishicha, bugun kompensatsiya miqdori hamda to‘lovlar haqida xabar berilgan. U ekspertlar tomonidan baholash jarayoni qonuniy amalga oshirilishidan umid qilib, bu bo‘yicha hech qanday e’tirozi yo‘qligini ma’lum qildi.
Umummavsumiy kurort loyihasi uchun olib qo‘yilgan fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydonining yana bir egasi kompensatsiya to‘lovi keyingi haftaga qoldirilganini ma’lum qildi.
“Biz fermerlarning yerlari baholanishi va ekspertizadan o‘tkazilishini kutyapmiz. [Bo‘stonliq tumani hokimi] Jo‘rabek aka [Axmedov] bilan gaplashganmiz, bizning hududimiz tayyor. Xohlagan vaqt „ber“ desa, huquqiy hujjatlar tayyor bo‘lishi bilan biz [kompensatsiya] to‘lashga tayyormiz. Umuman muammo yo‘q”, — dedi Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasi bosh direktori Sardor Xamidov.
Tuman hokimi kompensatsiya to‘lovlari kechikishini loyiha uchun olingan yer uchastkalarini baholashning yangi metodikasi qo‘llanilgani bilan izohladi. Unda daraxtlar va hosildorlikni baholash bilan birga, endilikda fermerlarning yerdan foydalanish huquqi baholanadi.
Jo‘rabek Axmedovning so‘zlariga ko‘ra, agar fermer yerni 49 yilga olib, undan 30 yil foydalangan bo‘lsa, kompensatsiya mulk huquqining qolgan 19 yili uchun hisoblanadi. Uning aytishicha, barcha fermerlar yangi tartibga roziligini bildirgan, ekspertizani bugun — 23-yanvar kuni olish ko‘zda tutilgan, shartnoma qilingach, keyingi haftada mablag‘lar to‘liq to‘lanadi. “Agar fermerlar rozi bo‘lsa, to‘lov miqdorlarini ham e’lon qilishga tayyormiz. Buning hech qanday muammosi yo‘q”, — dedi hokim.
“Oddiy til bilan aytganda, oldingi metodikada [baholash] 1 so‘mdan hisoblangan bo‘lsa, yangi metodikada bu 2 so‘m deb hisoblanmoqda. Biz fermerlar manfaatidan kelib chiqib, yangi metoddan foydalandik”, — deya izoh berdi Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Najmiddinxo‘ja Sharipov.
Sea Breeze Uzbekistan
2024-yilning dekabr oyi oxirida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish loyihasini prezidentga taqdim etdi.
Loyiha doirasida turizm markazida dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar tashkil etiladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Emin Agalarov markazda maktab, akvapark va istirohat bog‘lari bo‘lishini qayd etdi. Bu yerda suv va qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratiladi.
Undan keyin prezident ushbu turizm markazining qiymati $7−10 mlrdga baholanganini ma’lum qilgandi. Aprel oyida Emin Agalarov Shavkat Mirziyoyevga Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazining master-rejasini taqdim etdi. Turizm markazini 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning har biri piyoda borish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskan va xizmatlarni qamrab oladi.
Emin Agalarov bu qariyb 6,5 mln kv metr maydonni egallovchi yangi shahar bo‘lishi va bosqichma-bosqich bunyod etilishini ma’lum qildi. “Biz harakatlarni tezlashtirib, shu yozda qurilish jarayonlariga faol kirishamiz”, — dedi u.
2025-yilning iyun oyida IV Toshkent Xalqaro investitsiya forumi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Agalarov Development kompaniyasi o‘rtasida qiymati $5 mlrdlik kelishuv imzoladi.
Undan keyin Emin Agalarov Sea Breeze Uzbekistan loyihasi qurilishi bilan bog‘liq ekologik xatarlarga izoh berib, Chorvoqning hozirgi holati saqlanib qolinishini qayd etgandi. “Ekologiya bizning ustuvor vazifamizdir. Hamma joyda tozalash inshootlari bo‘lishi, suvga ortiqcha hech narsa tashlanmasligi kerak. O‘zbekiston aholisi va sayyohlar foydalana oladigan turistik hudud yaratamiz”, — degandi u.
Iyul oyida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida Sea Breeze dam olish majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Emin Agalarov prezidentga Chorvoq suv omboridagi Sea Breeze Uzbekistan kurort zonasi master-rejasining yangilangan konsepsiyasini taqdim etdi.
Avgust oyida Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Agalarov Development ishtirokida tashkil etilgan Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasining Bo‘stonliq tumanidagi 577 gektar yer maydonida $5 mlrdlik umummavsumiy kurort majmuasini qurish loyihasini amalga oshirish taklifini eng yaxshi deb topdi. Loyiha bosh rejasini ishlab chiqishga Buyuk Britaniyaning Scott Brownrigg kompaniyasi jalb qilingan.


Sea Breeze Uzbekistan kompaniyasiga beriladigan yer uchastkalari ro‘yxati.
Sea Breeze Uzbekistan’ga ushbu yer maydoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi. Ijara muddati yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha ustuvor huquq bilan 25 yilni tashkil etadi. Kamaytiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda ijara narxi 17 mlrd so‘mni tashkil etdi, uni ijarachi 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin (bozor bahosi — 1,7 trln so‘m).
Sea Breeze Uzbekistan loyihasi doirasida kompaniya istisno tariqasida 2029-yil oxirigacha qurilishni loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda olib borish huquqini oldi.
Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va yer uchastkalari ijarachilariga yetkazilgan zararlar Toshkent viloyati mahalliy budjetiga Sea Breeze Uzbekistan tomonidan ajratiladigan $5 mln miqdoridagi mablag‘lar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
Developer qimmatbaho daraxtlarni yashil zonalarga yoki o‘rmon fondining boshqa yerlariga ko‘chirib o‘tkazishi mumkin. Kompaniyaga kompensatsiya sifatida 5−7 yoshli kamida 10 ta daraxtni ekish orqali kam qiymatli daraxtlarni kesishga ruxsat beriladi.
Avvalroq sanoat korxonalarini poytaxtdan tashqariga ko‘chirish boshlangani haqida xabar berilgandi.





