Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026-yildagi asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda prezident ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish uchun mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, chuqur ixtisoslashgan mahallada turmush farovonligi ancha yuqoriligi, ijtimoiy yordam oluvchilar ham 2 karra kamligi qayd etildi.

Bugungi kunda 903 ta “og‘ir” mahallada 100 ming gektar tomorqa va ijara yerlari bor. Agar hokimlar “yettilik” bilan suv ta’minotini yaxshilab, urug‘-ko‘chat yetkazib, ixtisoslashuvni tizimli yo‘lga qo‘ysa, u yerdagi odamlarni daromadida, turmush sharoitida keskin o‘zgarish qilish mumkinligi ta’kidlandi.

Masalan, Nishon tumanidagi Oqoltin mahallasiga nasosda suv chiqarilgani uchun 25 yil tomorqasiga ekin ekmagan 280 ta xonadon 50−60 mln so‘m daromad olishni boshladi. Buni uddalagan mahalla aholisi bugun ichki yo‘llar holatini yaxshilashni so‘rayapti. Davlat rahbari ertagayoq bunga 1,5 mlrd so‘m ajratishni topshirdi.

“Marhamat, yana qaysi mahalla raisi o‘zi bosh bo‘lib, aholi ko‘nikmasiga qarab, hududni ixtisoslashtirsa, xonadonlarning daromadini 3−4 karra oshirsa, yo‘l, suv, sug‘orish tarmog‘ini yaxshilash uchun yana 2 mlrd so‘mdan ajratishga tayyorman. Bu davlat va mahalla o‘rtasida yangi, o‘ziga xos „ijtimoiy shartnoma“ tizimi bo‘ladi”, — dedi prezident.

Yig‘ilishda mahallada ixtisoslashuvni rag‘batlantiradigan qo‘shimcha moliyaviy mexanizmlar ham yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi. Xususan, tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklariga:

  • sertifikati bor ko‘chatlarni sotib olish xarajatining yarmi budjetdan qoplab beriladi;
  • mevaning turiga qarab, “shpaler"lar uchun 20 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi;
  • tomorqasiga tomchilab sug‘orishni joriy qilganlarga har 1 sotix uchun 160 ming so‘m kompensatsiya to‘lanadi.

Agar usta dehqonlar mahalladagi har 10 ta xonadonda eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘ysa, 2 mln so‘m, buni tomorqasi bor xonadonlarning kamida 30%ida qilsa, yana 75 mln so‘mdan mukofot oladi.

Joriy yil 2 ming gektar o‘rmon yeri 4 ming kambag‘al oilaga 50 sotixdan tutzor qilish uchun 10 yilga bepul beriladi. Bunda pilla kooperativini tuzish uchun ehtiyojmand oilalarga 4 mln so‘mdan subsidiya ajratiladi.

Bundan tashqari, uyida pilla yetishtirish istagidagi ehtiyojmand oilalarga xonani jihozlash va uskuna olish uchun 20 mln so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi.


Avvalroq endi 37 ta og‘ir tumanda oilaviy tadbirkorlik kreditlari 12% stavkada berilishi haqida xabar berilgandi. Dastur doirasida barcha tuman uchun kreditning maksimal miqdori 50 mln so‘mga oshiriladi.