Tesla rahbari Ilon Mask 2027-yil oxiriga kelib kompaniya o‘zining Optimus odamsimon robotlarini sotishni boshlashi mumkinligini aytdi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.

“Bizda zavodda oddiy vazifalarni bajaradigan bir nechta Tesla Optimus robotlari bor. O‘ylaymanki, yil oxirigacha ular yanada murakkab vazifalarni bajarishadi”, — dedi u Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida so‘zlagan nutqida.

Maskning qo‘shimcha qilishicha, kelgusi yil oxirigacha bunday odamsimon robotlarni ommaga sotish boshlanishi mumkin.

Avvalroq Tesla odamsimon robotlarini ishlab chiqarishni noma’lum muddatga qoldirgani haqida xabar berilgandi.

Tesla rahbari Ilon Mask moliyaviy natijalar hisoboti chog‘ida Xitoyning savdo cheklovlari tufayli uning kompaniyasi zarar ko‘rganini aytdi. Kompaniya Optimus robotlarini ishlab chiqarish uchun juda muhim bo‘lgan ba’zi noyob yer materiallarini import qila olmaydi.

Ilon Mask investorlarga Xitoy rahbariyati bilan masalani hal qilishga va’da berib, robotlar mudofaa ehtiyojlari uchun mo‘ljallanmaganini ta’kidladi. Biroq, muammo faqat nodir metallar bilan cheklanib qolmaydi.

Hozirda kompaniya qolgan elektron komponentlar, motorchalar va robot uchun yuritmalarni kim yetkazib berishi mumkinligi haqida hatto taxminiy tasavvurga ham ega emas. Mask yanvar oyida 2025-yilning oxirigacha bir necha ming Optimus ishlab chiqarishni va’da qilgan.

Odamsimon robotlarni ishlab chiqarish g‘oyasini Mask 2021-yil avgustda ilgari surgan edi. 2024-yil oktabrda Optimus nomli gumanoid robot jamoatchilikka taqdim etildi.

Maskning ta’kidlashicha, robotning narxi $20 mingdan $30 minggacha bo‘lib, “uni har kim sotib olishi mumkin”. 2025-yil mayda Mask robotning raqsga tushishini namoyish qildi, oktabrda esa Gollivuddagi qizil gilamda Optimusning kung-fu usullarini ko‘rsatayotgan lavhalar paydo bo‘ldi.


Avvalroq Airbus samolyotsozlikda odamsimon robotlarni joriy etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

176 santimetr balandlikdagi Walker S2 robotlari tizimlar yordamida inson kabi harakatlanadi va 15 kilogrammgacha yuk ko‘tara oladi