Tesla AQShning Texas shtati, Ostin shahrida to‘liq avtonom boshqariladigan Robotaksi xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Ilon Mask ma’lum qildi.

Avtomobillar xavfsizlikni nazorat qiluvchi operatorsiz harakatlana boshladi. Mask Tesla AI jamoasiga minnatdorlik bildirgan holda, inson shaklidagi robotlar uchun to‘liq avtonomlikni ta’minlash mashinalarga qaraganda 100 baravar murakkab bo‘lishini ta’kidladi.

Shuningdek, biznesmen Tesla fevral oyidayoq Yevropa Ittifoqi va Xitoydagi tartibga soluvchi organlardan o‘zining to‘liq o‘zini o‘zi boshqarish tizimini (FSD) sinovdan o‘tkazish uchun ruxsat olishi mumkinligini aytdi.

Biroq kompaniyaning sun’iy intellekt bo‘limi rahbari Ashok Ellusvamining ta’kidlashicha, Ostindagi faqat ayrim Tesla taksilari to‘liq avtonom bo‘ladi, lekin operatorsiz avtomobillar soni bosqichma-bosqich oshiriladi.

2025-yil dekabrida Tesla Texas shtatining Ostin shahrida haydovchisiz robotaksini sinovdan o‘tkazishni boshladi.

13-dekabrda ijtimoiy tarmoqlarda Tesla Model Y rusumli haydovchisiz yurayotgan bo‘sh yo‘ltanlamas avtomobil videosi paydo bo‘ldi, deya xabar bermoqda TechCrunch.

Ilon Mask kompaniya haydovchisiz harakatlanishni sinovdan o‘tkazishni boshlaganini tasdiqladi, ammo yo‘lovchilar uchun bu imkoniyat hozircha mavjud emas.

Ostinda robotaksini sinovdan o‘tkazish Tesla tomonidan 2025-yil iyun oyida boshlangan. Hozircha safarlar safar xavfsizligini nazorat qiluvchi kompaniya xodimi ishtirokida amalga oshirilmoqda. Shahardagi park taxminan 25−30 ta avtomobildan iborat.

Tesla robotaksilari sinovlari boshlanganidan buyon kamida yetti marta yo‘l-transport hodisasiga uchragan, bu kompaniyaning Milliy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga topshirgan hisobotidan ma’lum bo‘lmoqda. Biroq, ushbu hodisalarning tafsilotlari hali noma’lum qolmoqda.


Avvalroq Ilon Mask Tesla 2027-yilda Optimus robotlarini sotishni boshlashi mumkinligi haqida aytgandi.

Kompaniya rahbari bu odamsimon robotlar hozirda zavodda oddiy vazifalarni bajarayotganini ta’kidladi.