Adliya vazirligi tomonidan 2026-yilda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyiha bilan mamlakatda elektromobilda taksi xizmatini ko‘rsatuvchi fuqarolarga imtiyozlar joriy etish rejalashtirilmoqda.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-martidan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, elektromobilda taksi xizmatini ko‘rsatuvchi fuqarolar uchun belgilangan ijtimoiy soliqni to‘lashda 30% gacha chegirma berilishi mumkin.

Shu bilan birga, ular davlat tashkilotlariga tegishli bo‘lgan, shu jumladan, aeroport va vokzallarning pulli avtoturargohlaridan 30 daqiqagacha bepul foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Huquqbuzarlik va yo‘l-transport hodisasini sodir etmasdan 1 mln kilometr yurgan taksi haydovchilariga “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishonini berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Chora-tadbirlar natijasida, yil yakuni bilan elektromobilda taksichilik qiluvchi o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni 300 ming nafarga yetkaziladi. Yonilg‘i dvigatelli avtomobillarning atmosfera havosini ifloslantirishdagi ulushi 7% ga kamaytiriladi.

Mazkur vazifalar ijrosi uchun Transport vazirligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda hududiy hokimliklar mas’ul bo‘ladi.

2025-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida elektromobillardan foydalanishni kengaytirish rag‘batlantirilishini ma’lum qilgandi.

Unda elektromobilda taksi xizmati ko‘rsatadigan fuqarolarga ham bir qator imtiyozlar berilishi aytildi. Biroq batafsil tafsilotlar keltirilmagandi.

2026-yil 1-yanvardan taksi haydovchilari aylanmadan olinadigan soliqni pasaytirilgan stavkada — 1% miqdorida to‘lashni boshladi. Onlayn agregatorlar orqali ishlagan haydovchilarda soliq platforma tomonidan avtomatik ushlab qolinadi, Undan tashqaridagi daromadlar bo‘yicha soliqni haydovchi o‘zi to‘laydi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda yo‘nalishsiz taksi faoliyati uchun yangi talablar joriy etilishi kutilayotgani haqida yozgandi.