Avvalroq Adliya vazirligi tomonidan 2026-yilda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.
Loyiha bilan atmosfera havosini zararlantirmaydigan va ekologik toza avtomobillarni sotib olish uchun aholiga qulay sharoitlar yaratish rejalashtirilmoqda.
Jumladan, 2026-yil 1-martdan elektromobil sotib olish uchun fuqarolarga imtiyozli shartlarda kreditlar ajratilishi mumkin.
Mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan elektromobillarni sotib olish uchun — 12% li, xorijdan import qilingan elektromobillar uchun 16% li bank kreditlari yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda kredit foizlarining oshgan qismi tijorat banklariga budjet hisobidan qoplab beriladi. Topshiriq ijrosi uchun O‘zavtosanoat hamda Bojxona qo‘mitasi mas’ul bo‘ladi. Birinchi bosqichda aholiga 41 mingta elektromobil xaridi uchun past foizli kredit ajratish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, loyiha bilan elektromobillarni quvvatlash stansiyalari sonini oshirish uchun rag‘batlantirish choralari belgilanmoqda.
1-maydan boshlab, bunday shoxobchalarda 1 kVt/soat elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi byudjetdan qoplab beriladi.
Elektromobillarni zaryadlash stansiyalarini tashkil qilish uchun tadbirkorlarga 10% li maqsadli kreditlar ajratiladi. Mablag‘lar Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi hisobidan moliyalashtiriladi.
Quvvatlash stansiyalari uchun sotib olinadigan yerlar auksionda bozor qiymatidan 2 baravar arzon narxda sotiladi. Buning natijasida elektromobillarni quvvatlash stansiyalari soni 4 mingtaga yetkaziladi.
2025-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida mazkur ishlar amalga oshirilishni taʼkidlagandi.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasida mamlakatda 2030-yilgacha elektromobillar ulushini 10% ga yetkazishni rejalashtirayotgani qayd etilgan.
Spot, avvalroq, avtomobillar uchun ekostikerlarni qanday onlayn olish mumkinligi haqida yozgandi.
