Avvalroq prezident raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta‘minlash bo‘yicha 2026-yildagi asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi.
Unda “og‘ir” tuman va mahallalarda aholini ishli qilish hamda daromadini ko‘paytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Avvalo, bunday hududlarni barqaror elektr bilan ta‘minlash masalasini hal qilish zarurligi qayd etildi. Buning uchun 903 ta mahallaning har birida 300 kilovattli kichik quyosh stansiyalari qurilib, mahallaga beg‘araz aktiv sifatida beriladi.
Stansiyalardan olingan “yashil” energiya hisobidan har bir mahallada 400−500 mln so‘m qo‘shimcha daromad keltiradigan iqtisodiy aktiv paydo bo‘ladi.
Bu “yashil” daromad “yashil” chora-tadbirlarni amalga oshirishga sarflanadi. Ya‘ni ushbu mablag‘lar ehtiyojmand xonadonni “yashil” ta‘mirdan chiqarib, energiya xarajatini kamaytirish va turmush sifatini yaxshilashga yo‘naltiriladi.
Quyosh stansiyalarini ekspluatatsiya qilishga mazkur mahallalarda yashovchi kambag‘al oila a‘zolari ishga olinadi. 1-guruh nogironligi bo‘lib, oilasida mehnatga layoqatli a‘zosi bo‘lmagan 6 700 ta xonadon energiya tejamkor qilib ta‘mirlanadi.
Bu ishlar ixtisoslashuv darajasi yuqori bo‘lgan yana 1 mingta ilg‘or mahallada ham amalga oshiriladi. Kichik quyosh stansiyalari tayyor holda 7 yil muddatga mahallalarga foizsiz lizingga beriladi.
Avvalroq pillachilik uchun ehtiyojmand oilalarga 20 mln so‘mgacha qarz berilishi haqida xabar berilgandi.
