Reklama qonunchiligini buzgan UB Musteriois Asia korxonasi jarimaga tortildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mitaning Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi mehmonxonalarning elektron onlayn bronlash tizimlarida isteʼmolchilarga taqdim etilayotgan maʼlumotlarning to‘g‘ri, tushunarli va asosli ekanligini o‘rgandi.

Natijada ayrim mehmonxonalar tomonidan isteʼmolchilarni chalg‘ituvchi maʼlumotlar taqdim etish holatlari aniqlandi.

Xususan, UB Musteriois Asia korxonasiga qarashli mehmonxona tegishli ruxsat beruvchi hujjatlari mavjud bo‘lmasa ham turli onlayn bronlash platformalari orqali mehmonxona xizmatlarini taklif qiluvchi reklamalarni joylashtirgan.

Qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan ushbu korxonaga nisbatan “Reklama to‘g‘risida"gi qonun talablarini buzish alomatlari asosida ish qo‘zg‘atildi.

Ishni ko‘rib chiqish natijasiga ko‘ra moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.

2025-yilning oktabrida Raqobat qo‘mitasi aralashuvidan so‘ng Navoiyda mehmonxonaga gaz bo‘yicha hisoblangan 68 mln so‘m penya bekor qilingandi.

Avvalroq Markaziy bank va Raqobat qo‘mitasi inflyatsiyani pasaytirish ustida birgalikda ishlashi haqida xabar berilgandi.