TikTokdagi eng yirik akkaunt egasi Xabi Leym o‘z brendi huquqlarini taxminan $900 mlnga sotdi.
Bitim doirasida Rich Sparkle Holdings kompaniyasi Xabi Leym brendiga oid global miqyosdagi eksklyuziv tijorat huquqlarini qo‘lga kiritadi, deya xabar bermoqda Business Insider Africa.
Uch yillik kelishuv Step Distinctive Limited kompaniyasining bir qismini sotishni ko‘zda tutadi. Biroq u nazorat aksiyadori bo‘lib qoladi, Rich Sparkle esa blogerning tijorat faoliyatini global miqyosda kengaytirishni rejalamoqda.
Xaridor brendlar bilan hamkorlik, reklama shartnomalari, litsenziyalash hamda elektron tijorat sohasidagi loyihalarga bo‘lgan huquqlarni qo‘lga kiritadi.
Rich Sparkle tomonidan baholashicha, bularning barchasi yiliga jami $4 mlrdgacha daromad keltirishi mumkin.
Bundan tashqari, kelishuv blogerning yuz tuzilishi, ovozi va “xulq-atvor xususiyatlari"dan foydalanib, Leymning “raqamli egizagi"ni yaratishni nazarda tutadi.
Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirlarni amalga oshirish va “auditoriya bilan uzluksiz aloqada bo‘lish” imkoniyatini yaratadi.
Leym 160 mlndan ortiq obunachiga ega bo‘lgan eng yirik TikTok akkauntining muallifi hisoblanadi. Nashrning ta’kidlashicha, uning turli ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilarining umumiy soni taxminan 360 mln kishini tashkil etadi.
Avvalroq Ilon Mask tez orada sun’iy intellekt odamlardan ustun bo‘lishi haqida aytgandi.
Maskning fikricha, kelasi yilda har qanday insondan aqlliroq bo‘lgan sun’iy intellekt paydo bo‘lishi mumkin.
