O‘zbekistonda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) qurilishining boshlanishi 9 oyga kechiktirilmoqda. Bu O‘zbekiston — 2030 strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi loyihasidan ma‘lum bo‘ldi. Mazkur loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
2026-yilda katta quvvatli VVER-1000 reaktori va kichik quvvatli RITM-200N reaktori asosidagi integratsiyalashgan AESni qayta konfiguratsiyalashni hisobga olgan holda shartnomaga qo‘shimcha bitimni ishlab chiqish, imzolash va ro‘yxatdan o‘tkazish mo‘ljallangan. Buning uchun “Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan muzokaralar olib borish ko‘zda tutilgan.
Jizzax viloyatidagi AES joylashadigan hududda qurilish-montaj bazasining birinchi bosqichi bo‘yicha qurilish ishlari amalga oshiriladi va obyektlar 2026-yil oxirigacha bosqichma-bosqich foydalanishga topshiriladi.
O‘zatom, AES qurilishi direksiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi AESni joylashtirish xavfsizligini asoslash bo‘yicha loyiha hisobotini tayyorlashlari va ijobiy ekspertiza xulosasini olishlari zarur.
Kichik atom elektr stansiyasi qurilishining boshlanishi — birinchi beton qo‘yilishi 2026-yilning dekabr oyiga belgilangan. Ilgari prezident AES qurilishi loyihasini tezlashtirish va joriy yilning mart oyida birinchi betonni quyish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Kechikish sabablari ma‘lum qilinmagan.
Shu maqsadda O‘zatom, Jizzax viloyati hokimligi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish maydonini tashkil etish uchun muhandislik tarmoqlari va kirish yo‘llarini bosqichma-bosqich tayyorlash, AES qurilishi uchun litsenziya olish va birinchi betonni quyishni boshlash vazifasi yuklatilgan.
Bundan tashqari, joriy yil oxirigacha AES uchun yadro yoqilg‘isi yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilishi rejalashtirilgan. O‘zatom, AES direksiyasi, Geologiya vazirligi va “Navoiyuran” AES uchun yoqilg‘i ishlab chiqarishda buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan xomashyodan foydalanish masalasini o‘rganib chiqishi, yadro yoqilg‘isini yetkazib berish shartnomasini kelishib olishi va uni imzolashlari lozim.
Kichik AES
2025-yil sentyabr oyida O‘zatom va “Rosatom” O‘zbekistondagi AES loyihasining ikkita katta quvvatli energiya bloki va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat yangi konfiguratsiyasi bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Qo‘shimcha bitimga ko‘ra, loyiha tarkibiga 3+ avlod VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok va har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiradi. Shunday qilib, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiya — 2 GVt, kichik — 110 MVt.
Oktabr oyida O‘zbekistonda kichik atom elektr stansiyasini qurishning asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonida RITM-200N reaktori o‘rnatiladigan energoblok uchun kotlovan qazish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston ko‘chma atom stansiyalariga qiziqish bildirayotgani haqida yozgandi.
