Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha ta‘sirchan choralarni belgilash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Chet elga borib olib, uyushgan jinoiy guruhlar tashkil qilgan, u yerda o‘zbekistonlik fuqarolarni ham talayotgan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yishdagi sustkashliklar tanqid qilindi.
Bundan tashqari, ilgari faqat “ko‘cha” deb ko‘rilgan uyushgan jinoyatchilik bugun “biznes niqobi” ostida daromadli sohalarga kirib borayotgani aytildi. Jinoiy to‘dalar faoliyati ko‘p qavatli uylar va avtomashinalar oldi-sotdisi, moliyaviy piramidalar tashkil qilish, Haj va Umra ziyoratiga yuborishda ancha ko‘paygani qayd etildi.
Shaharda xonadon sotish masalasida 3 mingdan ziyod fuqaroga 1,3 trln so‘m zarar yetkazilgan. Mas‘ullar aholining firibgarlar qopqoniga tushib qolmasligi uchun huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha ishlamayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Prezident narkojinoyatchilik va uyushgan guruhlarga qarshi kurash bo‘yicha narkokanallarning oxirgi manbasi va homiylarigacha yetib borish uchun mas‘ullarda qat‘iyat yo‘qligini tanqid qildi.
Poytaxtda narkojinoyatlarning soni 4 mingdan oshgan. Qo‘lga olingan 112 ta uyushgan jinoiy guruh 1300 dan ortiq jinoyat qilgan.
Mazkur jinoyatlar uchun aybli deb topilganlar jazoni yarmini ham o‘tamasdan ozodlikka chiqmoqda. Oqibatda bu jinoyatni takroran qilganlar uch yilda 125%ga ko‘paygan.
Prezident Administratsiyasi shug‘ullanishni boshlagandan keyin bu masalada o‘zgarish bo‘lgani ta‘kidlandi. So‘nggi uch oyda respublika bo‘yicha 50 ga yaqin yirik narkoguruhlar qo‘lga olinib, yarim tonna narkotiklar muomalasiga chek qo‘yildi.
“Eng yomoni, chet davlatlarda ham o‘zimizning fuqarolar uyushgan guruhlar tuzib, yurtimizdan borganlarga nisbatan tovlamachilik, zo‘ravonlik, tadbirkorligiga raxna solish bilan shug‘ullanyapti. O‘zbeklarning chet eldagi ommaviy mushtlashuvlari yurtimiz obro‘siga putur yetkazyapti”, — dedi davlat rahbari.
O‘tgan yilning o‘zida chet elda og‘ir ahvolga tushgan 3700 nafar fuqarolar mamlakatga qaytarildi. 192 nafar fuqaro odam savdosi qurboniga aylandi.
Avvalroq IIVda kiberjinoyatchilik bo‘yicha alohida departament tashkil qilinishi haqida xabar berilgandi.
