Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha ta‘sirchan choralarni belgilash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Kiberjinoyatlar kundan-kunga ko‘payib, uning turlari 18 tadan 62 taga chiqqani taʼkidlandi. Ayniqsa, shaxsiy ma‘lumotlarni o‘g‘irlash, sun‘iy intellekt orqali ovoz va yuz qiyofasini o‘xshatish, zararli fayllarni tarqatish avj olayotgani aytildi.
O‘zlashtirilgan mablag‘lar kriptovalyuta shaklida chetga chiqarilmoqda. Bularni tezkor fosh etish va to‘xtatish uchun huquq-tartibot xodimlari kibertexnologiyalar va sun‘iy intellektni mukammal egallashi lozimligi qayd etildi.
Shu bois, Ichki ishlar vazirligida kiberjinoyatchilik bo‘yicha alohida departament tashkil qilinadi va unga vazirning o‘zi mas‘ul bo‘ladi.
Adliya vazirligida kiberjinoyatchilik va raqamli huquq bo‘yicha alohida boshqarma ochiladi.
Shaharda jinoyatchilardan olib qo‘yilgan sintetik moddalar so‘nggi besh yilda 11 karra oshgan. Sintetik narkotiklarning 95%i internet orqali tarqatilib, to‘lov kriptovalyutada bo‘layotgani, narkolaboratoriyalar mamlakat ichida ochilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, qonunchilikda davlat organlarining bu boradagi vazifalari ham aniq ko‘rsatilmagan. Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi faqat tahlil va xalqaro hamkorlik bilan cheklanib qolgani tanqid qilindi.
Endilikda agentlikning mas‘uliyati kuchaytirilib, unga mutasaddi idoralar ishini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va baho berish vakolati beriladi. Agentlik barcha kuch va vositalarga ega bo‘ladi.
Agentlik rahbari Ravshan Mamatov faoliyatida o‘zgarish qilmasa, lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantirildi.
1999-yilda qabul qilingan narkotiklar haqidagi qonun ni yangidan ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda bundan avval Toshkentda kiberjinoyatlar soni bir yilda 16 mingdan oshgani, aholi qariyb 2 trln so‘m zarar ko‘rgani aytilgan edi.
Avvalroq Toshkentda soliq idoralari rahbarlari ishdan olingani, ulardan biriga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.
