Haj va Umraga borish uchun yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘ldi. Bu haqda hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.

Hujjatda fuqarolarga xorijda sifatli xizmat ko‘rsatilishini taʼminlash maqsadida Haj va Umra yagona portali ziyoratchilar qayd etiladigan yagona tizim hisoblanishi belgilandi.

Portalda Hajga boruvchi fuqarolarning yagona elektron navbati, Umraga yuboriladigan ziyoratchilarning esa elektron ro‘yxati muntazam shakllantiriladi.

Joriy yil 1-fevraldan boshlab Hajga, 1-maydan Umraga olib borish Haj va Umra yagona portalida majburiy ro‘yxatga olish orqali amalga oshiriladi.

Portal orqali navbatga qo‘yish, ziyoratchilar haqidagi ma‘lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash, shuningdek, jarayonlarni monitoring qilish yo‘lga qo‘yiladi.

Ziyoratchilar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni portalga kiritmasdan ushbu tadbirlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

1-aprelgacha Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish litsenziyasiga ega yuridik shaxslar portalga ulanishi lozim.

Qarorda ziyoratchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi ham belgilandi. Haj mavsumida tibbiy ko‘riklar davlat tibbiyot muassasalarida bepul amalga oshiriladi, Umra tadbiriga boruvchilar esa tibbiy ko‘rikni ixtiyoriy ravishda, o‘z hisobidan o‘tkazadi.

2025-yilning oktabrida Haj va Umra yagona portali ishga tushirilgandi. Portal vazirlik va idoralarning 15 dan ortiq axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan.

O‘zbekistonda Umra tadbirlarini tashkil etish

2024-yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan “Umra” ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziya berish vakolati esa Turizm qo‘mitasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berildi.

Sentabr oyida qo‘mita mazkur tadbirlarni tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqib, yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini, turoperatorlar litsenziyalari mazkur sanagacha amalga qilishini qayd etdi.

Undan keyin, 12-oktabrga kelib, hukumatning tegishli qarori qabul qilindi. Unda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerakligi belgilandi.

15-oktabr kuni qo‘mita yangi talablar asosida litsenziya olish uchun arizalar qabulini e’lon qildi. Noyabr oyida, tanlov natijasida “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berildi.

Spot litsenziya olishdagi yangi talablar yuzasidan bir qator turoperatorlar bilan suhbatlashib, bu qanday qiyinchiliklarga olib kelgani, narxlarga qanday ta’sir qilishi hamda kelgusida kutilayotgan natijalar haqida fikrlarini o‘rgangandi.

Avgust oyida O‘zbekistonda Umra safarlarini noqonuniy tashkil etayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida “Sirli mijoz” yashirin nazorat tadbirlari amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.

Spot, avvalroq, o‘zbekistonlik turoperatorlarga Malayziya va Indoneziyadan kelgan har bir sayyoh uchun $100 dan berilishi haqida yozgandi.