Meta kompaniyasi foydalanuvchilarga o‘z ilovalarining eksklyuziv funksiyalaridan foydalanish imkonini beruvchi yangi obunalarni sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi TechCrunch.
Ta’kidlanishicha, yangi obunalar unumdorlik va ijodkorlikni oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi hamda sun’iy intellekt funksiyalarini kengaytiradi.
Meta yaqin oylar ichida Instagram, Facebook va WhatsApp’da premium xizmatni taklif qilishini ma’lum qildi.
Ushbu xizmat foydalanuvchilarga maxsus funksiyalardan foydalanish hamda ma’lumot almashish va muloqot ustidan kengroq nazorat imkonini beradi, asosiy funksiyalar esa bepul bo‘lib qoladi.
Shu bilan birga, Meta yagona strategiyaga qat’iy amal qilmayotganini bildirib, turli funksiyalar va obuna paketlarini sinovdan o‘tkazishini, har bir ilova uchun esa o‘ziga xos eksklyuziv funksiyalar to‘plami bo‘lishini qayd etdi.
Shuningdek, Meta kompaniyasi yaqinda $2 mlrdga sotib olingan sun’iy intellekt agenti Manus’ni o‘z obuna dasturlari doirasida kengaytirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Meta kompaniyasi Manus’ga nisbatan ikki tomonlama yondashuvni qo‘llamoqda. U Manus’ni Meta mahsulotlariga integratsiya qilish bilan birga, biznes uchun alohida obunalarni sotishni ham davom ettirmoqchi.
Allaqachon Meta Instagram’ga Manus AI uchun yorliq (shortcut) qo‘shish ustida ishlayotgani aniqlangan. Buni ishlab chiqish bosqichidagi, hali chiqarilmagan funksiyalarni tez-tez fosh qilib turadigan reveres-muhandis Alessandro Paluzzi e’lon qilgan skrinshot tasdiqlaydi.
Avvalroq Spot Meta Instagram, Facebook va Threads’dagi 550 ming akkauntni bloklagani haqida yozgandi.
Kompaniya buni Avstraliyada bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklovchi qonun kuchga kirishi ortidan amalga oshirgan.
