O‘zbekistonda chiqindi xizmatidan qarzdor 152 mingga yaqin abonentning elektr to‘loviga vaqtincha cheklov o‘rnatildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.

16-yanvar holatiga, chiqindi xizmatidan qarzdorligi mavjud 87,5 mlrd so‘m debitor qarzdorlik uchun jami 873 990 ta abonent SMS xabarnoma orqali ogohlantirildi.

Shundan so‘ng, abonentlarga mavjud qarzdorligini bartaraf etish uchun 5 (besh) kun muddat berildi va ushbu davrda 7,4 mlrd so‘mlik to‘lovlar amalga oshirildi.

Shuningdek, mamlakat kesimida jami 151 202 ta abonentlarning 14,8 mlrd so‘mlik maishiy chiqindi xizmatlaridan qarzdorlikgi mavjud bo‘lgan iste’molchilarning elektr energiyasi uchun to‘loviga cheklov o‘rnatildi.

1-noyabrdan Toshkentda chiqindi tashish bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda elektr energiyasi uchun to‘lovlarga cheklovlar kuchga kirdi.

Birinchi haftada qariyb 25,1 ming kishi 2,24 mlrd so‘mlik qarzdorlik to‘g‘risida xabarnoma oldi, shundan 6 ming abonent 5 kunlik muddat tugaganidan so‘ng cheklovlarga duchor bo‘ldi.

Yangi tizim dekabr oyida butun O‘zbekiston bo‘ylab ishlay boshladi. O‘shanda 231 ming abonent Hududiy elektr tarmoqlaridan 20,1 mlrd so‘mlik qarzdorlik haqida ogohlantirish olgan, shundan dastlabki besh kunda 9,4 mlrd so‘m to‘langan.

Cheklovlar faqat 2025-yil 1-iyuldan boshlab to‘plangan chiqindi qarzlariga taalluqli bo‘lib, ushbu sanagacha bo‘lgan qarzlarga ta’sir qilmaydi.

Qarzdorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar har oyning 3-sanasiga qadar Toza Makon tizimidan HET Billingga uzatiladi.

O‘zbekistonliklarning chiqindi tashish bo‘yicha qarzdorligi 1-yanvar holatiga ko‘ra (o‘tgan yillarni hisobga olgan holda) 622,7 milliard so‘mni tashkil etdi. “Toza makon” tizimidan amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun 211,9 milliard so‘mlik hisob-kitoblar chiqarib tashlandi.


Avvalroq China Everbright Namanganda chiqindi yoqish zavodi qurilishini boshlagani haqida xabar berilgandi.

Zavod kuniga 1500 tonna chiqindini utilizatsiya qilishga mo‘ljallangan. Uni 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda.