Navoiyda 15,5 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mitaning Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Fergana Avtomat Raschot korxonasi murojaati asosida Hududiy elektr tarmoqlari Navoiy hududiy filiali o‘tkazgan tender savdolari o‘rganildi.
Tekshiruv davomida boshlang‘ich qiymati 15,5 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan tanlov savdolarida “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun ning 29-moddasi talablariga rioya qilinmagani aniqlandi. Xususan, savdolarda ishtirokchilar uchun raqobatni cheklovchi shartlar kiritilgan, tanlov hujjatlarida belgilangan talablar to‘liq baholanmagan hamda takliflar noto‘g‘ri baholangan.
Natijada, hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan buyurtmachi tashkilotga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, jarimaga tortildi.
Shuningdek, tashkilotning mansabdor shaxsiga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga yuborildi.
Bundan tashqari, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Maʼlum qilinishicha, maxsus komissiya qaroridan norozi tomon Raqobat qo‘mitasining Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Avvalroq Navoiyda onlayn platformalarda ruxsatsiz reklama joylashtirgan mehmonxona jarimaga tortilgandi.
