Alisher Usmonov Frankfurter Allgemeine Zeitung gazetasiga qarshi sudda g‘alaba qozondi, deya xabar bermoqda Forbes.ru nashri.
Gamburg sudi Usmonovning gazetaga qarshi kiritgan da’vosini qanoatlantirdi va unga u haqida bir qator fikrlarni tarqatishni taqiqladi.
“Sud Alisher Usmonovning dalillariga qo‘shilib, da’voni to‘liq qanoatlantirdi”, deya ta’kidlanadi press-relizda.
Frankfurter Allgemeine Zeitung nashri 2023-yil aprelda “Kreml topshirig‘i bilan” sarlavhali maqola e’lon qildi. Unda Usmonov go‘yo o‘z boyligini “Kreml manfaatlari yoki topshirig‘iga binoan” ishlatgani, O‘zbekistonda Rossiya hukumati manfaatlarini norasmiy tarzda ifodalagani hamda 2006-yilda Kommersant gazetasini sotib olgach, uning tahririyat siyosatiga aralashgani ta’kidlangan edi.
Gazeta “Usmonovga nisbatan ko‘plab tuhmat da’volari” ko‘rinishidagi noqonuniy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi arizani imzolashdan bosh tortganidan so‘ng, rossiyalik milliarder Gamburg sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Sud Frankfurter Allgemeine Zeitung nashrining da’volarini Usmonovning shaxsiy huquqlariga zid deb topdi va ularni taqiqladi. Nashr taqiqni buzsa, har bir qoidabuzarlik uchun 250 000 yevrogacha jarima solinishi mumkin.
Agar jarimani undirishning imkoni bo‘lmasa, taqiqni buzishning har bir holati uchun olti oygacha va jami ikki yilgacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, Yevropa yurisdiksiyasi sudi birinchi marta rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyning (2024-yil 16-fevralda Yamal-Nenets avtonom okrugidagi “Qutb bo‘risi” koloniyasida 47 yoshida vafot etgan) Usmonovga nisbatan Rossiya sudi yolg‘on deb topgan da’volarini tarqatishni taqiqladi.
Navalniy, xususan, Usmonov go‘yoki ko‘chmas mulkni Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga aloqador tuzilmalarga “Medvedev Usmonov biznesini „Gazprom“ hisobidan himoya qilgani uchun tovon sifatida” “sovg‘a qilgani"ni da’vo qilgan.
Shuningdek, milliarder 2002-yilda “Gazprom Investxolding” aktivlarini go‘yoki o‘zi nazorat qiladigan kompaniya orqali “davlat mulkini o‘ziga sotish” orqali sotib olgan.
Usmonov manfaatlarini himoya qiluvchi Rechtsanwälte Steinho‘fel byurosi advokatlarining ta’kidlashicha, Navalniyning da’volari, shuningdek, milliarderning “Kommersant'” tahririyat siyosatiga aralashishda ayblovlari Yevropa Ittifoqining USM asoschisiga qarshi sanksiyalarini asoslash va Germaniyada unga qarshi tergov boshlash uchun ishlatilgan.
OAV huquqlari bo‘yicha advokat Yoaxim Shtaynxefelning so‘zlariga ko‘ra, sud qarori Frankfurter Allgemeine Zeitung maqolasidagi asosiy bayonotlar “Aleksey Navalniyning yolg‘on da’volari va obro‘sizlantirilgan hikoyalaridan iborat kokteyldan boshqa narsa emasligini” tasdiqlaydi.
“Shundan qonuniy xulosa qilish mumkinki, YI sanksiyalarini asoslashning o‘zi tuhmat, asossiz va noqonuniy ayblovlarning to‘plami, xolos”, — deya ta’kidladi u.
Avvalroq Spot Germaniyada Alisher Usmonovga nisbatan ochilgan ikkinchi tergov to‘xtatilgani haqida yozgandi.
Usmonovga nisbatan sanksiyalarni buzish bo‘yicha tergov 10 mln yevro jarima to‘langandan keyin yakunlandi.
