Avtotransport vositasi odometri ko‘rsatkichlarini yashirish uchun javobgarlik belgilanmoqda. Tegishli qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Qonunchilik palatasining 27-yanvardagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks iga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida"gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Loyiha bilan Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Xususan, avtotransport vositasining bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi odometr uskunasi ko‘rsatkichlari o‘zgartirilganligi yoki odometr uskunasi almashtirilganligini bila turib, avtotransport vositasini realizatsiya qilishdan oldin xaridorga bu haqda ma‘lum qilmaslik uchun javobgarlik choralari belgilanyapti.

Shuningdek, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi ma‘muriy huquqbuzarlik bo‘yicha ishlarni ko‘rishda pedagog yoki psixologning ishtirok etishi talabi nazarda tutilmoqda.

Voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq holatlarda pedagog va psixolog ishtirokini ta‘minlash ma‘muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolati bo‘lgan organlar zimmasida bo‘ladi.

Bundan tashqari, maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs, jabrlanuvchi, advokat hamda qonuniy vakilga sudya yoki mansabdor shaxs ishtirokini rad etish huquqi berilmoqda. Maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni yuritishda ishtirok etishga monelik qiladigan holatlar ham aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Qonun loyihasiga ko‘ra, maxsus huquqdan mahrum qilish jazosi 1,5 yilgacha etib belgilangan hollarda uning muddatini qisqartirish bo‘yicha iltimosnoma jazoning yarmi o‘tgach berilishi mumkin. Agar jazo 1,5 yildan 3 yilgacha muddatga tayinlangan bo‘lsa, bunday iltimosnoma jazo muddatining uchdan ikki qismi o‘tgach taqdim etiladi.

Shu bilan birga, maxsus huquqdan mahrum qilish muddatini qisqartirish huquqi qo‘llanilmaydigan shaxslar toifasi ham belgilanmoqda.


Avvalroq Spot deputatlar Apple Pay va Google Pay kabi xalqaro to‘lov xizmatlari O‘zbekistonga kirishi uchun “Shaxsga doir ma‘lumotlar to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarni qabul qilib, Senatga yuborgani haqida yozgandi.