“Prava” olish uchun nazariy darslarda qatnashish ixtiyoriy bo‘ladi
1-fevraldan boshlab “A” va “B” toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini olish uchun talabgorlar haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha majburiy o‘quv dasturining nazariy qismini mustaqil o‘zlashtirishi mumkin bo‘ladi.
Bunda talabgorlar o‘z ixtiyori bilan o‘quv kursining nazariy qismini onlayn yoki oflayn shaklda o‘qishlari yoxud unga mustaqil tayyorlanishlari mumkin.
Faqat majburiy o‘quv dasturida belgilangan amaliy mashg‘ulotlarni to‘liq o‘tash lozim. Unda qatnashgandan so‘ng transport vositalarini boshqarish ko‘nikmalarini baholashning ijobiy natijalariga asosan haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlar topshiriladi.
Fuqaroning mashg‘ulotlardagi o‘qishni tugatgani haqidagi ma’lumotnoma elektron tarzda shakllantiriladi.
Shu bilan birga, “A” va “B” toifadagi transport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv guruhlarini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida ro‘yxatga olish tartibi bekor qilinadi.
Chiqqaniga 50 yildan oshgan avtomobillardan foydalanish taqiqlanadi
Umumiy vazni yuki bilan hisoblaganda 44 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari, kon, shaxta va karerlarda qo‘llaniladigan maxsus transport vositalari uchun alohida seriyali ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari joriy etiladi.
Shu bilan birga, yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar hamda “antikvar” avtomototransport vositalari uchun ham alohida avtoraqam beriladi.
Ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transportlardan foydalanish, ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanadi. Ular davlat ro‘yxatidan chiqariladi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam yangi tartibda tayinlanadi
1-fevraldan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reestri” va “Kambag‘al oilalar reestri” negizida yangi Ijtimoiy reestr joriy etiladi. Uning doirasida oilalar “davlat ta’minotidagi”, “kambag‘al” hamda “kambag‘allik chegarasidagi” oilalar toifasiga ajratiladi.
Endi davlat ta’minotidagi oilalar bolalar nafaqasi va moddiy yordamni bandlik holatidan qat’i nazar, qo‘shimcha murojaatsiz va uzluksiz oladi. Ularning ijtimoiy holati 12 oyda qayta baholanadi.
Kambag‘al oilalarga yordam 6 oyga tayinlanadi. Mehnatga layoqatli a’zolarining rasmiy bandligi ta’minlansa, to‘lovlar uzluksiz davom etadi, aks holda to‘xtatiladi.
Kambag‘allik chegarasidagi oilalarga yordam 6 oy davomida beriladi. Agar jon boshiga oylik daromad minimal iste’mol xarajatlarining 1−1,25 baravari bo‘lsa — 75%, 1,25−1,5 baravari bo‘lsa — 50% miqdorda to‘lanadi.
Ayrim oilalarga tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlar beriladi
1-fevraldan “davlat ta’minotidagi oila"lar uchun ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi. Paket subsidiyalar va imtiyozli kreditlarni o‘z ichiga oladi.
Xususan, bunday oilalarga xonadoniga 7−10 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatish uchun BHMning 100 baravarigacha (41,1 mln so‘m) subsidiya beriladi. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 4 yilgacha BHMning 75 baravarigacha (30,9 mln so‘m) kredit ajratiladi.
Kredit 1 yillik imtiyozli davr bilan taqdim etiladi. Mablag‘lar ijtimoiy karta orqali berilib, bandlik, tadbirkorlikni boshlash yoki kengaytirish, shu jumladan, chorva mollari, parranda, quyon, baliq va asalari uyasi, ko‘chma do‘konlar, skuter va boshqa asosiy vositalarni sotib olish yoki issiqxona qurish uchun yo‘naltiriladi.
Afrosiyob elektropoyezdlari chipta narxlari 15%ga oshiriladi
1-fevraldan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi Afrosiyob elektropoyezdlarining chipta narxlari quyidagicha bo‘ladi:
| Yo‘nalish | Narxlar (so‘mda) | ||
| VIP | Biznes | Ekonom | |
| Toshkent-Samarqand | 709 ming | 455 ming | 311 ming |
| Toshkent-Qarshi | 976 ming | 642 ming | 429 ming |
| Toshkent-Buxoro | 1,13 mln | 760 ming | 509 ming |
Bunda “Afrosiyob” elektropoyezdlarining VIP toifadagi chipta narxlari 15% ga, Biznes toifadagi 1% dan ortiqqa hamda ekonom toifadagi chipta narxlari esa 5% dan ortiqqa qimmatlamoqda.
Shu bilan birga, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlari 15% ga oshirildi.
ID-kartalar elektron raqamli imzo bilan beriladi
Prezidentning tegishli qarori bilan, 1-fevraldan boshlab jismoniy shaxslarga identifikatsiyalovchi ID-kartalar birinchi marotaba rasmiylashtirilganda uning chipiga kiritiladigan elektron raqamli imzo sertifikati bepul beriladi.
Shu bilan birga, fuqaroni “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilari identifikatsiyalash yagona axborot tizimida avtomatik tarzda bepul ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Kambag‘al oilalardagi yoshlarga ijtimoiy yordam shartnoma asosida beriladi
Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga ijtimoiy yordam turlari ijtimoiy shartnoma orqali “Yoshlar daftari” jamg‘armalaridan quyidagi shartlar asosida taqdim etiladi:
- uzluksiz ta’lim olish (uzrli sabablar bundan mustasno);
- o‘qishda ijobiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga erishish;
- volontyorlikni amalga oshirish;
- “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi loyihalarda qatnashish;
- muntazam kitob mutolaa qilish;
- tadbirkorlik yoki o‘zini o‘zi band qilish asosida faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
- xorijiy til bo‘yicha kamida B1 darajasini olish.
Agar ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmasa, bosqichma-bosqich quyidagi ketma-ketlikda choralar qo‘llanadi:
- shartnomaning bajarilmagan shartlarini 15 kun ichida bajarish lozimligi to‘g‘risida ogohlantirish;
- ijtimoiy yordam miqdorlarini 15% dan 30% gacha kamaytirish;
- ijtimoiy yordamni 1 oydan 6 oygacha vaqtinchalik to‘xtatish;
- ijtimoiy yordamni 1 yil va undan ortiq muddatga to‘xtatish.
Shartnoma shartlarini muntazam ravishda kamida 6 oy davomida yuqori darajada bajargan yoshlarga esa imtiyozli ravishda navbatdan tashqari ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.
Eng yaxshi 1000 nafar yoshlar har yili bir marta BHMning 3 baravari (1,23 mln so‘m) miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Yoshlarning tashabbuskorligi va faolligini rag‘batlantirishga qaratilgan mukofotlarga tavsiya etiladi.
Yoshlarga kontrakt to‘lovining 50% gacha qismi qoplab beriladi
1-fevraldan boshlab Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga imtiyozlar beriladi.
Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat uchun subsidiya ajratish tartibi bekor qilinib, reyestrdagi yoshlar uni bepul o‘tashlari mumkin bo‘ladi.
“Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali haydovchilik guvohnomasining A, B, D va DE toifalarini olish uchun o‘qish xarajatlari to‘lab beriladi.
Kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlarida o‘quvchi-talabalarga to‘lov-kontrakt summasining 50% gacha qismi ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish darajasidan kelib chiqib to‘lanadi. Biroq bu bir o‘quv yili uchun BHMning 50 baravaridan (20,6 mln so‘m) oshmasligi kerak.
Shu bilan birga, tadbirkorlik, kasblarni egallash, IT o‘rganish, xorijiy tillarga o‘qitish, ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi o‘quv kurslari uchun to‘lanadigan har oylik subsidiyalar miqdori yoshlarning oldingi oyda ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish darajasidan kelib chiqib belgilanadi.
Bir fuqaro bir yil davomida turli ijtimoiy yordamlardan ko‘pi bilan ikki marta foydalanishi mumkin.
Gaz va elektr xarajatlarini qoplash uchun arizalar onlayn qabul qilinadi
Ehtiyojmand oilalar elektr energiyasi va gaz xarajatlariga kompensatsiya olish uchun arizalarni onlayn jo‘natishlari mumkin bo‘ladi.
Gaz va elektr energiyasi iste‘molida bazaviy me’yor va undan oshgan narxlar o‘rtasidagi farqni qoplash uchun onlayn murojaat qilish imkoniyati yaratilishi belgilangan.
Ilgari ariza berish uchun “Inson” markaziga murojaat qilish talab qilingan bo‘lsa, endi fuqarolar arizani quyidagicha to‘ldirishlari mumkin:
- Yagona milliy ijtimoiy himoya tizimi orqali mustaqil ravishda;
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz);
- davlat xizmatlari markazida;
- mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali.
Arizalar har oyning 16-sanasigacha qabul qilinadi. Ular avtomatik ravishda ko‘rib chiqiladi. Ijtimoiy reyestrga kirgan oilalar subsidiya oluvchi sifatida avtomatik tan olinadi.
“Kambag‘al oilalar” yoki “davlat ta‘minotidagi oilalar” toifasiga kiruvchi, har bir oila a‘zosiga to‘g‘ri keladigan daromadi eng kam iste‘mol xarajatlarining 1,5 baravaridan (1 003 500 so‘m) kam bo‘lgan oilalar ham kompensatsiya olishlari mumkin.
Agar oilada quyidagilar mavjud bo‘lsa, to‘lov rad etiladi:
- chiqqaniga 12 yildan oshmagan (agar oilada I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan yoki 18 yoshgacha bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar mavjud bo‘lsa — 7 yil), texnik holati soz yengil avtomobil;
- 15 yildan oshmagan, texnik holati soz yuk avtomobili, tirkamalar, avtobus, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, avtokran, maxsus texnika;
- ikki va undan ortiq yengil yoki yuk avtomobili hamda maxsus texnika vositalari;
- bittadan ortiq ko‘chmas mulk va yer uchastkasi yoki bir va undan ortiq noturar joylar;
- ilgari kompensaysiya tayinlangani.
Kitobxonlikka oid reklamalar ijtimoiy reklama sifatida tan olinadi
Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha “Kitob — ma’rifat manbai” dasturi amalga oshiriladi.
Davlat organlarining kitob va kitobxonlik haqidagi reklamalari ijtimoiy axborot (reklama) sifatida tan olinadi;
transportlarda (avtobus, metro, samolyot, poyezdlar) simsiz yoki mobil internet tarmog‘i orqali “Mutolaa” platformasidan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi, qulaylik uchun QR kodlar o‘rnatiladi.
Silk Avia mahalliy yo‘nalishlar uchun chipta narxlarini oshiradi
Aviachiptalar tariflarining yangilanishi quyidagi 14 ta asosiy yo‘nalishga ta‘sir qiladi:
- Toshkent-Samarqand — 313 089 so‘mdan;
- Toshkent-Buxoro — 344 399 so‘mdan;
- Toshkent-Navoiy — 297 435 so‘mdan;
- Toshkent-Qarshi — 297 435 so‘mdan;
- Toshkent-Termiz — 360 053 so‘mdan;
- Toshkent-Namangan — 297 435 so‘mdan;
- Toshkent-Farg‘ona — 297 435 so‘mdan;
- Toshkent-Urganch — 469 635 so‘mdan;
- Toshkent-Qo‘qon — 297 435 so‘mdan;
- Toshkent-Andijon — 328 745 so‘mdan;
- Toshkent-Sariosiyo — 422 671 so‘mdan;
- Toshkent-Zomin — 125 236 so‘mdan;
- Toshkent-Shahrisabz — 297 435 so‘mdan;
- Nukus-Mo‘ynoq — 125 236 so‘mdan boshlanadi.
Aviachiptalar narxining o‘sishi o‘rtacha 7,37% ni tashkil etdi. Bu 2025-yildagi inflyatsiya ko‘rsatkichiga to‘g‘ri keladi.
