Fransiya davlat xizmatchilariga videokonferensiyalar uchun Amerikaning Google Meet, Zoom va Teams platformalaridan foydalanishni taqiqlaydi, deya xabar berdi Politico nashri.
Bu qaror davlat funksiyalarini o‘zining texnologik platformasiga ko‘chirishga qaratilgan sa’y-harakatlar doirasida qabul qilindi va Yevropada AQSH xizmatlariga chuqur qaramlik borasidagi xavotirlar kuchayib borayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Bosh vazir devoni davlat amaldorlarini Visio nomli videomuloqot dasturidan foydalanishga majbur qiluvchi bildirishnoma tayyorladi.
Visio — mamlakatning Idoralararo raqamli boshqarmasi (Dinum) tomonidan ishlab chiqilgan dastur bo‘lib, u Fransiyaning Outscale kompaniyasi taqdim etgan infratuzilmada ishlaydi.
Dinum kompaniyasi vakilining ma’lum qilishicha, bildirishnoma “yaqin bir necha kun ichida” e’lon qilinadi.
Bu bayonot yakshanba kuni davlat islohotlari vaziri David Amiel Fransiya 2027-yilgacha o‘z videokonferensiya platformasini joriy etishni rejalashtirayotgani haqida aytgan gaplaridan so‘ng yangradi.
O‘tgan yozda Fransiya rasmiylarni WhatsApp va Telegramdan voz kechishga va buning o‘rniga faqat davlat xizmatchilari uchun mo‘ljallangan Tchap messenjeridan foydalanishga majbur qildi.
Qayd etilishicha, Visio dasturiy ta’minotidan allaqachon 40 000 nafar xodim foydalanmoqda. Ular orasida aksariyat vazirliklar va ularning ayrim sho‘ba tashkilotlari, jumladan Fransiya milliy ilmiy tadqiqot markazi ham bor.
Dinum 250 ming foydalanuvchini jalb qilishni rejalashtirmoqda. Idora o‘tish shartlariga rioya etilishini kuzatib boradi va yaqin oylarda davlat internet tarmog‘i orqali boshqa video xizmatlardan ma’lumotlar oqimini bloklashi mumkin, deyiladi xabarda.
Avvalroq Fransiya Milliy majlisi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qullagani haqida xabar berilgandi.
Ovoz berish jarayoni 27-yanvarga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tdi, tashabbus uchun 116 nafar deputat ovoz berdi.
Qayd etilishicha, prezident Emmanuel Makron hukumatni qonunni qabul qilishni tezlashtirishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, taqiq 2026-yil 1-sentabrgacha — yangi o‘quv yili boshlangunga qadar kuchga kiradi.
“Chunki bolalarimizning miyasi sotilmaydi. Na Amerika platformalariga, na Xitoy telekanallariga,” — deb yozdi Makron X ijtimoiy tarmog‘ida.
Qonun loyihasi ikki qismdan tashkil topgan. Uning ikkinchi qismi o‘rta maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlashni ko‘zda tutadi.
