Navoiyda noqonuniy oltin qazuvchilar faoliyatiga chek qo‘yildi, deb xabar berdi DXX.

Noqonuniy oltin savdosiga ixtisoslashgan guruh xorij fuqarolarini jalb qilib, soliq, geologiya, ekologiya sohasidagi qonunchilik talablariga zid faoliyat yuritgan.

Jinoiy guruhga Karmana tumanidagi sport sohasiga ixtisoslashgan korxona rahbari boshchilik qilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda qonunbuzarlardan 17,2 kg oltin va kumush qorishmasi, 20 kg yarim tayyor oltin mahsuloti hamda tarkibida oltin zarralari bo‘lgan 250 kg boyitilgan ko‘mir ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shuningdek, 280 tonnadan ortiq qum va ruda, 230 litr maxsus kimyoviy vositalar, oltinni ajratib olishga mo‘ljallangan laboratoriya jihozlari, maxsus idishlar, gaz ballonlari va boshqa asbob-uskunalar rasmiylashtirib olindi.

Guruh tomonidan oltinni ajratib olish uchun sunʼiy yaratilgan 4 ta hovuz kimyoviy vositalar bilan to‘ldirilib, 1 gektar yer sanoat ishlab chiqarish maydoniga aylantirilgan.

Hozirda ashyoviy dalillar ekspertizaga yuborilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

2025-yilning oktabrida Buxoro va Navoiyda oltin qazib olayotgan 37 kishi qo‘lga olingandi. Yanvar oyida ham Navoiyda noqonuniy 15,5 mlrd so‘mlik oltin qazib olgan jinoiy guruh aniqlangandi.

Avvalroq O‘zbekistonda oltin narxi ketma-ket beshinchi kun rekordni yangilagani haqida xabar berilgandi. Bir gramm oltin bir kunda 1,5% ga qimmatlashib, hozirda 2 037 320 so‘mni tashkil etmoqda.