Apple kompaniyasi iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max uchun o‘zgartiriladigan obyektiv chiqarishi mumkin. Bu haqda MacRumors nashri Xitoydan Smart Pikachu ismli insider ma’lumotiga tayanib yozgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gap telekonvertor haqida bormoqda. Bu obyektivning fokus masofasini oshirishga imkon beradigan qo‘shimcha moslamadir.

Bunday moslama tufayli foydalanuvchi uzoqdagi obyektlarning yanada sifatli suratlarini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

So‘nggi yillarda bunday aksessuarlarni Xitoylik vivo singari ishlab chiqaruvchilar muntazam ravishda ishlab chiqarmoqda.

“Bu smartfonga qanday qo‘llanilishi noaniq, ammo agar Apple telekonvertor uslubidagi optik tizimni taqdim etsa, bu ehtimol sensorga yetib kelayotgan yorug‘lik miqdorining kamayishiga olib keladi. Shu nuqtai nazardan, o‘zgaruvchan diafragma nazariy jihatdan Apple’ga o‘zining hisoblash fotografiyasi tizimlari bilan birgalikda ekspozitsiyani boshqarishda ko‘proq moslashuvchanlik berishi mumkin”, — deb ta’kidladi MacRumors.

Insayder ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda telekonvertor “baholash bosqichi"da turibdi. Kompaniya bu texnologiyani sinab ko‘rmoqda, ammo uni sotuvga chiqarish bo‘yicha aniq qaror hali qabul qilinmagan.

Agar bu loyiha amalga oshsa, yangi qurilma 2026-yil sentabrda iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max bilan birgalikda taqdim etilishi kutilmoqda.


Avvalroq Spot Apple birinchi buklanadigan iPhone’ni sentabrda chiqarishi mumkinligi haqida yozgandi.

Buklanadigan iPhone uchun egiluvchan OLED-panellarni ishlab chiqarish may oyida boshlanadi.