Andijon viloyati va Janubiy Koreyaning Jeollabuk-do provinsiyasi mavsumiy ishchilarni yuborish masalasida kelishuvga erishdi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Agentlikning Koreyadagi vakolatxonasi rahbariyati va Andijon viloyati vakillari Jeollabuk-do viloyati Buan okrugi hokimi Kweon Ig-hyeon bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda Jeollabuk-do viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida mavsumiy ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida Andijon bilan kelishuv imzolandi. Koreya Adliya vazirligi talabiga ko‘ra, bunday kelishuvlarda ishchi kuchini yuboruvchi va qabul qiluvchi hududlar aniq belgilanishi shart.
Kelishuvda quyidagi yo‘nalishlar qamrab olingan:
- mavsumiy ishchilarni jalb qilish va boshqarishda hamkorlik,
- noqonuniy qolib ketish holatlarining oldini olish,
- mehnat shartlari va migratsiya qoidalariga rioya etish.
Koreya tomoni ushbu kelishuv qishloq xo‘jaligi sohasida qonuniy va barqaror mehnat tizimi shakllantirilishini taʼkidladi.
2025-yilning sentabrida O‘zbekiston Koreya bilan ishchi vizalari bo‘yicha kelishuv imzolagandi. Hujjat malakali mutaxassislarga E-7 vizasini berishni nazarda tutgan.
Oktabr oyida esa O‘zbekiston Janubiy Koreya rasmiylari bilan mavsumiy ishchilarga E-8 vizalarini berishni qayta tiklashga kelishib olgandi.
Spot, avvalroq, Janubiy Koreya malakasiz migrantlar uchun kvotani 80 mingtagacha kamaytirgani haqida yozgandi.
