2025-yilda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi qariyb $19 mlrdga yetdi. Bu haqda 28-yanvar kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.

Yanvar-dekabr oylarida transchegaraviy pul o‘tkazmalari orqali mamlakatga $18,9 mlrd miqdorida valyuta mablag‘lari kirib keldi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 27,2% ga o‘sgan.

Oylik kesimda yil davomida o‘tkazmalar hajmi deyarli barcha oylar bo‘yicha oldingi yilga nisbatan yuqori darajada shakllandi. Shu bilan birga, noyabrda transfertlarning oylik miqdori ($1,48 mlrd) keskin qisqargan bo‘lsa, dekabrga kelib biroz o‘sish kuzatildi — $1,59 mlrd.

markaziy bank, pul o‘tkazmalari, valyuta bozori

2025-yilda pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishiga asosan tashqi omillar, jumladan, rubl kursining mustahkamlanishi hamda boshqa davlatlarga mehnat migrantlari oqimining ortishi ta’sir ko‘rsatdi.

Shu bilan birga, regulyator xorijdan pul mablag‘lari oqimining oshishi tashqi manbalardan aholi daromadlarini oshiruvchi asosiy omil bo‘lib qolayotganini qayd etdi. Umuman, o‘sish ichki iste’mol va valyuta bozoridagi barqarorlikni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Bundan tashqari, aholi tomonidan valyuta sotish va xarid qilish o‘rtasidagi ijobiy tafovut 2025-yilda $9,7 mlrdni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 1,4 barobar oshdi.

Avvalroq Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirgani haqida xabar berilgandi.