Samsung smartfonlarida “anti-josus” effektli oynalardagi kabi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatishdan himoya o‘rnatiladi.

Xabarni yashirish funksiyasi ko‘rsatilgan suratni Ice Universe nomli insayder e’lon qildi. Bu postga Rozetked ham e’tibor qaratdi.

Texnologiya shaxsiy ma’lumotlarni shunday yashiradiki, ular foydalanuvchi uchun ko‘rinib turadi, ammo begonalar uchun ko‘rinmaydi. Bunda butun ekran emas, balki faqat, masalan, bildirishnomalar qorayadi.

Qayd etilishicha, Samsung foydalanuvchilarning telefonni qanday ishlatishini, nimalarni shaxsiy deb bilishini chuqur o‘rganib chiqqan.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, texnologiya “piksel darajasida” ishlaydi — u atrofdagilar uchun ekran ko‘rinishini cheklaydi, ammo qurilma egasi uchun normal o‘qishni ta’minlaydi.

Foydalanuvchilar ushbu funksiyani o‘zlariga moslashtirishlari mumkin. Masalan, u faollashtirilishi kerak bo‘lgan ilovalar yoki alohida elementlarni (bildirishnomalar, parollar va boshqalarni) tanlash, shuningdek, ma’lumotlarning ko‘rinish darajasini sozlash imkoniyati mavjud.

Bu qanday ishlashi haqida batafsil ma’lumot berilmagan, ammo ushbu xususiyat besh yil davomida ishlab chiqilgan. Uni birinchi bo‘lib fevral oyida taqdim etiladigan Galaxy S26 modellarida ko‘rish mumkin.


Avvalroq Spot Samsung Galaxy S26'da sun’iy yo‘ldosh qo‘ng‘iroqlari paydo bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.

Kompaniya Amerikaning Skylo provayderi bilan hamkorlik qiladi, biroq funksiyalar mintaqaviy cheklovlar bilan ishlashi ehtimoli bor.