Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni Rosatom davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov bilan O‘zbekistonda integratsiyalashgan AESni qurish loyihasini amalga oshirishning amaliy jihatlari, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish borasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilgani haqida xabar berilgandi.

Rosatom O‘zbekistonda atom klasterini tashkil etishni taklif qildi. Bu haqda 27-yanvar kuni Rossiya kompaniyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov ma’lum qildi.

“[Biz] O‘zbekiston rahbariyatiga nafaqat stansiya yonidagi atom shahrini, nafaqat atom energetikasi, balki qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, materialshunoslik manfaatlari yo‘lida atom tibbiyoti, radiologiya vakolatlarini o‘z ichiga olgan “atom klasteri"ni yaratishni taklif qilishdek yangilikka qo‘l urdik”, — dedi u.

Lixachyovning so‘zlariga ko‘ra, Kurchatov instituti MTM ham ishga jalb qilingan. Shuningdek, u yangi tadqiqot reaktorini joylashtirish ehtimolini ham istisno qilmadi.

Rosatom rahbarining ta’kidlashicha, gap ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot uchun alohida shaharcha barpo etish haqida emas, balki yaqin o‘n yilliklarda aholisi 30 ming kishigacha yetadigan innovatsion yadroviy klaster haqida bormoqda.

Kompaniya matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekistonda integratsiyalashgan AESni qurish loyihasining keyingi asosiy bosqichi — beton quyish ishlarini boshlash 2026-yilning birinchi yarmida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Avvalroq prezident AES qurilishi loyihasini amalga oshirishni tezlashtirish va shu yilning mart oyida birinchi betonni quyishni topshirgan edi.

2026-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, birinchi betonni joriy yilning dekabr oyida qo‘yish rejalashtirilgan. Biroq O‘zatom agentligi kichik AES qurilishi boshlanishi mart oyidan dekabr oyiga ko‘chirilganini rad etib, “avval e’lon qilingan mo‘ljallar” o‘z kuchida qolayotganini ta’kidlamoqda.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston ko‘chma atom stansiyalariga qiziqish bildirayotgani haqida yozgandi.