29-yanvar, dushanba kuni O‘zbekistonda 5 grammlik oltin quyma narxi ilk bor qariyb 11 mln so‘mga yaqinlashdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
Bir gramm oltin 5,5% dan ortiqqa qimmatlashib, hozirda 2 172 780 so‘mni tashkil etmoqda. 5 grammlik quyma esa 10 mln 864 ming so‘mga baholanmoqda, bu oldingi narxga nisbatan 573 ming so‘mga yuqori.
Hafta boshida, 26-yanvar kuni 5 grammlik oltin quyma narxi ilk bor 10 mln so‘mlik psixologik chegaradan oshgandi. Yilning birinchi savdo kuniga nisbatan qimmatbaho metall 25,5% ga qimmatlashgan bo‘lsa, o‘tgan 12 oy ichida esa uning narxi deyarli 84% ga ko‘tarildi.
Quymalarning sotuv va qayta sotish narxlari (29-yanvar holatiga) batafsil quyidagi jadvalda keltirilgan:
| Og‘irligi | Sotish narxi | Qaytarib sotib olish narxi | |
| qadog‘i but holatda | qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan holatda (texnik ekspertizadan so‘ng) | ||
| 5 gramm | 10 864 000 so‘m | 10 243 000 so‘m | 10 140 000 so‘m |
| 10 gramm | 21 728 000 so‘m | 20 486 000 so‘m | 20 279 000 so‘m |
| 20 gramm | 43 456 000 so‘m | 40 972 000 so‘m | 40 558 000 so‘m |
| 50 gramm | 108 639 000 so‘m | 102 431 000 so‘m | 101 396 000 so‘m |
| 100 gramm | 217 278 000 so‘m | 204 862 000 so‘m | 202 792 000 so‘m |
Jahon bozorida ham yangi narx rekordi o‘rnatildi — troya unsiyasi $5559 ga yoki bir grammi $178,73 ga yetdi. Bir kunda qimmatbaho metall narxi 9,3% ga, yillik hisobda esa 80% dan ortiqqa qimmatlashdi. Kumushning troya unsiyasi narxi esa o‘tgan kunga nisbatan 11,4% ga oshib, $118,3 ga ko‘tarildi.
Markaziy bank 2026-yildan boshlab o‘lchovli oltin quymalarining qaytarib sotib olish narxlarini e’lon qilishni boshladi. Oldin faqat quymalarning sotuv narxi e’lon qilingan bo‘lsa, endilikda ularni qayta sotib olish narxlarini ham kuzatib borish mumkin. Narxlar quyma qadog‘ining holatiga qarab belgilanadi.
Avvalroq O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket besh oy davomida yangi rekordlarni o‘rnatgani haqida xabar berilgandi. 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari rekord darajadagi $66,31 mlrdga yetdi.
