Lukoyl o‘zining xorijdagi aktivlarini Amerikaning Carlyle investitsiya guruhiga sotish bo‘yicha oldindan kelishib oldi, deya xabar bermoqda Rossiya kompaniyasi saytida.

Xaridor Lukoylning xalqaro sho‘ba korxonasi — LUKOIL International GmbH kompaniyasiga tegishli aktivlarning katta qismini oladi. Qozog‘istondagi obyektlar bundan mustasno bo‘lib, ular Rossiya xoldingi mulkida qoladi va tegishli litsenziya asosida boshqariladi.

Kelishuv Lukoyl uchun eksklyuziv hisoblanmaydi va bir qator shartlarni bajarishni talab qiladi. Xususan, bitim AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Shuningdek, sotish Rossiya kompaniyasining aktivlari joylashgan boshqa mamlakatlarning tartibga soluvchi organlari bilan kelishishni talab qiladi. Shu bilan birga, konsern boshqa potensial xaridorlar bilan muzokaralarni davom ettirmoqda.

Oktabr oyida AQSH Moliya vazirligi Lukoyl, Rosneft va ularning sho‘ba tashkilotlariga nisbatan bloklash sanksiyalarini joriy etdi. Shu bilan birga, Amerika hukumati ikkala kompaniya bilan moliyaviy operatsiyalarni yakunlash uchun 21-noyabrgacha muhlat berdi, shuningdek, Lukoylning chet eldagi ob’ektlarida tovar va xizmatlar xarid qilish uchun bir necha bor muddatni uzaytirdi.

Shveysariyaning Gunvor energetika guruhi Lukoyl aktivlarini noma’lum summaga sotib olish uchun ariza topshirdi. Biroq AQSH Moliya vazirligi jangovar harakatlar to‘xtatilgunga qadar bitimni ma’qullashdan bosh tortdi, shundan so‘ng Gunvor taklifni qaytarib oldi.

Financial Times yanvar oyi boshida Amerikaning Chevron energetika korporatsiyasi Quantum Capital investitsiya fondi bilan birgalikda Lukoylning xalqaro aktivlarini sotib olishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.

Neft va gaz ishlab chiqarish korxonalari, zavod va 2 mingdan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i bilan tuzilgan bitim $22 mlrdga baholangan.

O‘sha paytda Iroq hukumati Lukoyl kompaniyasiga 75% tegishli bo‘lgan “G‘arbiy Kurna-2” neft konini milliylashtirish rejasini ma’qulladi. Rejaga ko‘ra, davlat kompaniyasi Basra Oil Company majmuaning uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida uning nazoratini o‘z qo‘liga oladi.

Loyihalar savol ostida

O‘zbekistonda Lukoyl investitsiyalari $10 mlrddan oshadi. Kompaniya 13 ta konda gaz qazib chiqaradi, bu ishlarni Uzbekneftegaz bilan birga amalga oshiradi, va 2021-yil boshida uning boshqaruvida bo‘lgan zahiralar 413,1 mlrd kubometr yoki umumiy zaxiralarining 22% ini tashkil etadi.

Lukoyl O‘zbekiston hukumati bilan Buxoro viloyatidagi Qandim-Hovuzak-Shodi va Qashqadaryo viloyatidagi Janubi-G‘arbiy Gissar loyihalari bo‘yicha mahsulotni bo‘lishish shartnomalarini tuzgan. Shartnomalar mos ravishda 2046 va 2043-yilgacha amal qiladi. Shuningdek, kompaniya 3,5 milliard dollar evaziga Kandim gazni qayta ishlash kompleksini qurdi, bu yiliga 8,1 mlrd kubometr gazni qayta ishlashga mo‘ljallangan.

O‘zbekneftgaz boshqaruv raisi Bahodir Sidikov Gazeta.uz'ga bergan intervyusida, davlat kompaniyasi Lukoyl vakillari bilan sanktsiyalar ta’sirini muhokama qilish uchun uchrashuv tayyorlaganini aytdi. Shu bilan birga, u O‘zbekistonning Rossiya aktivlarini sotib olishi masalasi hozircha ko‘rilmasligini ta’kidladi:

“Menimcha, bunday muddatda biror obyektni sotib olish mumkin emas, boshqa davlatlar uchun ham. 21-noyabrgacha narx bo‘yicha kelishib bo‘lmaydi… Masalan, men shunday vaziyatda sotmasdim”, — dedi Sidikov.

Bosh menejer sanksiyalar kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatiga va qo‘shma loyihalarga ta’sir qilishi, chunki kompaniya bilan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish imkonsiz bo‘lishini tan oldi. U uchrashuvda barcha variantlarni muhokama qilishni va’da qildi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 11-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston maslahatchilarni jalb qilgani va Lukoyl aktivlari bo‘yicha AQSH bilan muzokaralar olib borayotganini ma’lum qildi. Hukumat xalqaro me’yorlar va sanksiyalarga rioya qiladi, shu bilan birga OFAC bilan birgalikda ish olib bormoqda


Avvalroq Spot Amerikaning BlackRock O‘zbekistondagi korxonalar kapitaliga kirishi haqida yozgandi.