Avvalroq Adliya vazirligi tomonidan 2026-yilda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.

Joriy yil uchun bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini qabul qilish rejalashtirilmoqda.

Ushbu dastur doirasida jami 23 trln so‘m ipoteka kreditlari ajratiladi. Shundan davlat budjetidan 12,2 trln so‘m, banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan 7,8 trln so‘m va O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi hisobidan 3 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Bitta kvartira uchun ajratiladigan ipoteka kreditlarining miqdori Toshkent shahrida 480 mln so‘m, hududlarda esa 380 mln so‘mga yetkaziladi.

Yana 2,7 trln so‘m ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratiladi.

Mazkur ishlarning bir qismi 1-martdan boshlansa, boshqalari yil davomida amalga oshiriladi.

O‘zgarishlar natijasida ajratiladigan ipoteka krediti mablag‘lari hisobiga 73 mingdan ortiq oila uy-joy bilan taʼminlanishi kutilmoqda.

30 ming nafar fuqaroga ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich badal va foiz xarajatlari uchun subsidiyalar ajratiladi.

Prezidentning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2026-yilda O‘zbekistonda imtiyozli ipoteka krediti 15% ga oshirilishi aytilgandi.

Avvalroq 2025-yilda O‘zbekistonda ikkilamchi uy-joy narxi o‘rtacha 8% ga o‘sgani haqida xabar berilgandi.