Toshkentdan Venaga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Avstriya Federal Iqtisodiyot, energetika va turizm vazirligining tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘yicha direktori Elizabet Vaysenbek bilan uchrashdi.
Unda transport sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, avtomobil ko‘priklarini qurish, temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga e‘tibor qaratildi. Shuningdek, Toshkent va Vena o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish haqida so‘z bordi.
Muzokara ishtirokchilari o‘zaro hamkorlikning yuqori salohiyatini ta‘kidlab, transport va logistika sohasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlashdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida muloqotni davom ettirish va belgilangan yo‘nalishlarda aniq tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
2023-yilning bahorida O‘zbekiston va Avstriya mehnat muhojirlarini tayyorlash markazini ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Bu orqali fuqarolarni Avstriya hamda Germaniya mehnat bozorlarida ishga joylashishlariga yordam berish imkoniyati yaratilishi ta’kidlangandi.
2025-yili esa Avstriya O‘zbekiston bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha shartnoma imzolashi aytilgandi. Shuningdek, Toshkentda Avstriya savdo-sanoat palatasining vakolatxonasi ochilishi belgilangan edi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston AQSHda uchta konsullik ochadi va yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.
