Tesla Model S va Model X ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Bu haqda Engadget nashri xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, kompaniya mazkur modellarning o‘rniga zavodlarda odamsimon robotlarni yig‘ishni boshlaydi.

Ilon Maskning aytishicha, kompaniyaning “kelajakka qarab” ishonch bilan ilgarilanishi flagman elektromobillardan voz kechishga sabab bo‘lgan.

Qoldiqlar sotib tugatilgach, bu modellar bozordan butunlay yo‘qoladi va konveyer liniyalari 2027-yilda chiqarilishi rejalashtirilgan brend gumanoidlarini yig‘ishga moslashtiriladi.

“Model S va X dasturini munosib tarzda yakunlash vaqti keldi, chunki biz haqiqatan ham avtonom boshqaruvga asoslangan kelajak sari harakat qilmoqdamiz”, — dedi Mask.

Bu avtomobillar omborda mavjud bo‘lganida sotib olish mumkin bo‘ladi va Tesla ularni sotuvda bo‘lgan davr mobaynida qo‘llab-quvvatlashni va’da qilmoqda.

Model S — Tesla’ning 2012-yildan beri ishlab chiqarilayotgan ikkinchi modeli, Model X esa 2015-yildan beri chiqarilmoqda. Biroq, yillar o‘tishi bilan ularning ommabopligi pasayib, hozirda kompaniya sotuvining asosiy qismini yangiroq Model 3 va Model Y modellari tashkil etmoqda.

Masalan, 2025-yil davomida Tesla 1 585 279 ta Model 3 va Model Y avtomobillarini yetkazib bergan bo‘lsa, Model S va Model X avtomobillaridan atigi 418 227 tasini sotgan.

Bundan tashqari, kompaniya 2025-yil o‘rtalarida Xitoyda Model S va Model X sotuvini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Bunga sabab, ushbu modellar AQSHdan import qilingan va prezident Donald Trampning import tovarlariga qo‘ygan bojlariga javoban kiritilgan Xitoy bojlari ta’siriga tushgan edi.


Avvalroq Ilon Mask Tesla 2027-yilda Optimus robotlarini sotishni boshlashi mumkinligi haqida aytgandi.

Kompaniya rahbari bu odamsimon robotlar hozirda zavodda oddiy vazifalarni bajarayotganini ta’kidladi.