Uzbekistan Airways Express va hududiy tashuvchi Silk Avia birlashtirilishi mumkin. Bu haqda 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudayqulov ma‘lum qildi, deb xabar berdi Spot muxbiri.
Aviakompaniya rahbari bu yil Silk Avia‘da “katta o‘zgarishlar” bo‘lishini taʼkidladi.
“Bizda Uzbekistan Airways Express brendi mavjud bo‘lib, u Uzbekistan Airways yo‘nalishlari bo‘yicha parvoz qiladi va chiptalarni 20% arzonroq taklif etadi. Biz bu brendni o‘z cheklovlariga ega bo‘lgan loukoster sifatida bozorga chiqardik. Bozorga bitta yaxshi mahsulotni taqdim etish uchun Uzbekistan Airways Express va Silk Avia‘ni birlashtirmoqchimiz. Hozir jamoa bilan bu haqda jiddiy o‘ylayapmiz. Jamoani ishontirganimizdan so‘ng, bu haqda ommaga ma‘lum qilamiz”, — dedi u.
Spot muxbirining Uzbekistan Airways Express‘da chiptalar narxi 20%ga arzonlashgani haqidagi savoliga Shuhrat Xudayqulov narxlar allaqachon pasaytirilganini aytdi. “Yana 20%ga pasaytirish emas. Bu fakt, bu allaqachon mavjud”, — deb ta‘kidladi Uzbekistan Airways rahbari.
Uzbekistan Airways Express 2021-yil avgust oyida loukoster modelida parvozlarni yo‘lga qo‘ygan — o‘shanda dastlabki to‘rtta samolyot “to‘liq ekonom” klassi uchun qayta jihozlangan edi. Birinchi reys Toshkent — Moskva yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgandi.
Uzbekistan Airways Express aviaqatnovlari uchun aviachiptalar narxi bortda ko‘rsatiladigan xizmatlarning kamligi hisobiga 20%gacha arzonlashtirildi.
O‘tgan yili Silk Avia ikkita ATR-72 samolyotining dvigatellarini ta‘mirlash vaqtida parvozlar sonini qisqartirgan edi. Parvozlar xavfsizligini ta‘minlash uchun agregatlar Fransiyaga ta‘mirlashga yuborildi. Havo kemalari bir oydan so‘ng parvozlarni qayta boshlaydi.
Avvalroq Uzbekistan Airways reyslar o‘sishi pasayganini samolyotlar yetishmasligi bilan izohlagandi.
