Samarqandda tabiatga 422 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgan korxona aniqlandi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Toyloq tumanidan oqib o‘tuvchi moratoriy joriy qilingan Zarafshon daryosi o‘zanida tungi vaqtda qum-shag‘al aralashmasi noqonuniy qazib olinganligi aniqlandi.
O‘rganishlarda daryo o‘zanidan noqonuniy qazib olingan noruda materiallar Urgut tumani va Samarqand shahrini bog‘lovchi yangi temir yo‘l liniyasi orqali maxsus beton moslamalar o‘rnatilgan holda tashilgani maʼlum bo‘ldi.
Ular Zarafshon Propriety Service korxonasi hududiga joylashtirilgan.
Huquqbuzarlik natijasida tabiatga 422 mlrd 648,3 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etish choralari ko‘rilmoqda.
Beton bo‘laklari temiryo‘lga qo‘yilganligi yuzasidan hududiy Ichki ishlar organlari tomonidan o‘rganish ichlari olib borilmoqda.
2024-yilning mayidan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingandi.
2025-yil kuzida Samarqandda xorijiy kompaniya 7 mlrd so‘mlik noruda qazilmalarni noqonuniy qazib olgan edi.
Spot, avvalroq, Navoiyda noqonuniy oltin qazib olish bilan shug‘ullangan guruh fosh etilgani haqida yozgandi.
