SpaceX elektromobillar ishlab chiqaruvchi Tesla yoki sun’iy intellekt sohasidagi xAI startapi bilan qo‘shilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deya xabar berdi Bloomberg.
Ushbu uchala kompaniyaga ham milliarder Ilon Mask asos solgan. Bunday kelishuv infratuzilma fondlari va Yaqin Sharqdagi suveren investorlar tomonidan qiziqish uyg‘otishi hamda katta miqdorda moliyalashtirishni talab qilishi mumkin.
21-yanvar kuni Nevada shtatida nomida “qo‘shilish bo‘yicha sho‘ba korxona” degan ibora mavjud bo‘lgan ikki yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Ularning mansabdor shaxslari orasida SpaceX’ning moliya direktori Bret Jonson ham bor.
Qo‘shilish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan, tafsilotlar o‘zgarishi mumkin. Kompaniyalar mustaqil holatda ham qolishi ehtimoldan xoli emas.
Maskning SpaceX bo‘yicha rejalari — kelajakda sun’iy intellekt yordamida murakkab hisob-kitoblarni bajarish uchun kosmosda ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini joylashtiruvchi kompaniya yaratish — turli ssenariylar doirasida amalga oshirilishi mumkin.
xAI startapi SpaceX’ning orbitadagi ma’lumotlar markazlari taqdim etadigan ulkan hisoblash quvvatlaridan katta foyda ko‘rishi mumkin.
Tesla’ning energiya saqlash tizimlarini ishlab chiqarish imkoniyati esa SpaceX’ga kosmosda quyosh energiyasidan foydalanib, ushbu markazlarning ishlashini ta’minlashga yordam berishi mumkin.
Shuningdek, Mask SpaceX’ning Starship raketalaridan Tesla Optimus robotlarini Oy va Marsga yetkazish uchun foydalanish imkoniyatini ham muhokama qilgan.
Avvalroq Ilon Mask OpenAI va Microsoftdan $134 mlrdgacha tovon puli talab qilayotgani haqida xabar berilgandi.
Maskning aytishicha, OpenAI notijorat yo‘nalishidan chekinib, Microsoft bilan hamkorlik qilib uni aldagan.
