Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan murojaatlar asosida Uzum Market faoliyati yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
O‘rganishlarda iste‘molchilarning huquqlari buzilgan bir qator holatlar aniqlanib, mablag‘lar qaytarildi va buyurtmalar yetkazib berildi.
Qo‘mita ma‘lumotiga ko‘ra, 100 dan ortiq murojaatda ilovalarning nosoz ishlashi, buyurtmalarni kech yetkazish, tovarlardagi nuqsonlar, shuningdek, shartnomalarni bekor qilish bilan bog‘liq muammolar qayd etilgan. Ushbu holatlar nazoratga olinib, ijobiy hal etilgan.
Xususan, MacBook M3 8/512 noutbuki buyurtma qilgan, biroq boshqa mahsulot yetkazilgan fuqaroning murojaati o‘rganilib, mahsulot narxi noto‘g‘ri ko‘rsatilgani aniqlangan. Natijada 16,45 mln so‘m mablag‘ to‘liq qaytarildi.
Shuningdek, Ijtimoiy himoya agentligi vaucheri asosida buyurtma qilingan nogironlik aravasi bir necha bor bekor qilingani aniqlanib, arava Uzum Market tomonidan yetkazib berildi.
Nosoz changyutgich sabab shartnomani bekor qilishni so‘ragan fuqaroning murojaati asosida 1,17 mln so‘m mablag‘ qaytarildi. Bir nechta mahsulot yetkazib berilishi 4 kunga kechiktirilgan holatda esa buyurtmalar iste‘molchiga topshirildi.
Reklamada ko‘rsatilgan va amaldagi texnik imkoniyatlari o‘rtasida tafovut aniqlangan payvandlash uskunasi uchun 860 ming so‘m iste‘molchiga qaytarildi. Ikki marta yechib olingan 51,6 ming so‘m hamda o‘lchami mos kelmagan poyabzal uchun 165 ming so‘m mablag‘lar to‘liq qaytarilgan.
Qo‘mita Aux havo sovitgichi fuqaroning xonadoniga mos kelmagani sabab qaytarilgan, ammo puli o‘z vaqtida berilmagan holatni o‘rganib chiqdi. Natijada qariyb 4 mln so‘m mablag‘ fuqaroga to‘liq undirib berildi.
Raqobat qo‘mitasi raqamli platformalar orqali xarid qilishda xizmat shartlari, qaytarish tartibi va hisob-kitob qoidalari bilan oldindan to‘liq tanishib chiqishni tavsiya etdi.
Dekabr oyi oxirida Uzum Market eski buyurtmalar uchun ommaviy pul yechib olinishi holatiga izoh bergandi. Foydalanuvchilar “muddati o‘tgan qarzdorlik” sifatida mablag‘ yechib olinganini bildirgan, marketpleys esa buni texnik xatolik sifatida izohlab, barcha mablag‘lar qaytarilganini ma’lum qilgan edi.
Avvalroq Toshkentda 50 kishidan 200 mln so‘mni noqonuniy o‘zlashtirgan “kiberbunker” fosh etilgandi.
