Xabar yangilandi. FVVning ma’lum qilishicha, yong‘in soat 17:17 da to‘liq bartaraf etilgan. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Yong‘inning kelib chiqish sabablari va zarar miqdori aniqlanmoqda.
Avvalroq tarmoqlarda Toshkent shahridagi savdo markazlaridan birida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy izoh berdi.
31-yanvar kuni soat 15:47 da Yashnobod tumani, Parkent ko‘chasida joylashgan Aviator Korzinka binosi yonayotganligi to‘g‘risida Toshkent shahar FVBBga xabar qilingan.
Qutqaruv ekipajlari soat 15:53 da voqea joyiga yetib borib, binodan barcha fuqarolar evakuatsiya qilingan. Yong‘in Favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Azizbek Ikramov boshchiligida bartaraf qilinmoqda.
Vaziyat Toshkent shahar FVBB tomonidan to‘liq nazoratga olingan, yong‘in joyiga barcha yetarli kuch va vositalar jalb qilingan. Vazirlik yong‘in oqibatida tan jarohati olganlar to‘g‘risida xabar kelib tushmaganini bildirdi. Yong‘in soat 16:50 da qurshab olingan.




Korzinka yong‘in bo‘yicha rasmiy bayonotini e’lon qilib, Maxtumquli ko‘chasida joylashgan Aviator markazida sodir bo‘lgan yong‘in binoning ikkinchi qavatida, boshqa ijarachilar hududida aniqlanganini bildirdi.
Savdo markazining birinchi qavatida joylashgan Korzinka supermarketi ijara huquqi asosida faoliyat yuritadi, ushbu bino Korzinka’ga tegishli emas. Yong‘in supermarket hududidan tashqarida yuz bergan va uning yong‘in kelib chiqishiga aloqasi yo‘q.
“Yong‘in aniqlangach, darhol barcha ko‘zda tutilgan xavfsizlik choralari ko‘rildi. Mijozlar va do‘kon xodimlari tezlik bilan xavfsiz joyga ko‘chirildi. Supermarket xodimlari va mijozlari orasida jabrlanganlar yo‘q”, — deyiladi xabarda.
Hozirda mutaxassislar zaruriy ishlarni davom ettirmoqda va hodisa sabablarini aniqlamoqda. Shuningdek, Korzinka favqulodda vaziyat xizmatlari va tegishli idoralar bilan doimiy aloqada ekanligi bildirilgan. Qo‘shimcha ma’lumotlar rasmiy tasdiqlan vaqtida taqdim etib boriladi.
Avvalroq prezident Chorsu va Malika bozorlarida soliq intizomi yo‘qligini tanqid qilgani haqida xabar berilgandi.




