Avvalroq tarmoqlarda eski transport vositalarining shahar markaziga kirishi taqiqlanishi haqida xabarlar tarqalgandi. IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati holatga izoh berdi.

YHXX ushbu mazmundagi xabarlarni rad etib, “sariq” yoki “qizil” rangdagi stikerlar biriktirilgan avtomashinalar harakatiga cheklovlar o‘rnatilmaganini ma’lum qildi.

Hukumat qarori bilan avtotransport vositalaridan chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosferaga zararli ta’sirini nazorat qiluvchi “Ekologik transport” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan.

Avtotransport vositalarining normativlarga moslik darajasi ekologik stikerlar berish orqali, avtomashinalar “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan belgilanadigan “toza”, “o‘rta” va “zararli” ekologik toifalarga ajratiladi.

Ekologik toifalarga ajratish O‘zbekistonda foydalanishda bo‘lgan transport vositalarining tasdiqlangan ekologik sinfiga doir ma’lumotlar bazasi asosida “Avtomototransport hisobi” modulida avtomatik tarzda belgilanadi.

Mazkur talabdan kelib chiqib, 2026-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahrida transport vositalariga stikerlar bepul berilmoqda. YHXX ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan asosga ega bo‘lmagan xabarlarni tarqatib, fuqarolarni chalg‘itmaslikni so‘radi.

Birinchi bosqich ixtiyoriy bo‘lib, ekostiker bo‘yicha jarimalar 2026-yildan qo‘llanilmaydi. Tizim doirasidagi jarimalar faqat 2028-yildan kuchga kiradi. Ungacha haydovchilar uchun tushuntirish va tayyorgarlik davri o‘tkaziladi.

Yo‘l harakati xavfsizligining yagona elektron tizimi va kameralar orqali haydovchilar qaysi hududga kirish mumkin yoki mumkin emasligi haqida oldindan xabardor qilib boriladi.

Shu bilan birga, hududlarda ekologik zonalar tashkil etilishi belgilangan. Hozircha bunday hududlar tasdiqlanmagan. Ushbu tartib kuchga kirgandan keyin, ekologik zonalarda maxsus yo‘l belgisi o‘rnatiladi, “o‘rta” va “zararli” toifadagi, shuningdek ekologik stikeri bo‘lmagan avtomobillarning harakati taqiqlanadi. Qoidabuzarlik javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Ekostikerlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali onlayn olish imkoni yaratilgan. Stikerlar bepul berilib, pochta xarajatlari uchun BHMning 5%i (20 600 so‘m) miqdorida to‘lov olinadi.

Avvalroq Spot stikerlarni qanday olish yuzasidan qo‘llanmani taqdim etgandi.