Uzbekistan Airways reyslar soni yetishmasligi sababli barcha talabalarni chegirmali chiptalar bilan qamrab olish imkoniyatiga ega emas. Bu haqda 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aviakompaniya boshqaruvi raisi Shuhrat Xudayqulov ma‘lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Uning ta’kidlashicha, talabalarga taqdim etilayotgan chegirma nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa davlatlarda ham deyarli uchramaydi. Shu bilan birga, u aviakompaniya barcha talabalarni bir vaqtning o‘zida olib borish va qaytarish imkoniyatiga ega emasligini tan oldi.

“Bir narsani to‘g‘ri tushunishimiz kerak, Uzbekistan Airways barcha talabalarni olib borib, olib kela olmaydi. Hammaga ham kuchimiz yetmaydi, biz maksimal darajada harakat qilyapmiz”, — dedi Xudayqulov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aviatsiyadan tashqari, poyezdlar uchun ham chegirmalar qo‘llanilishiga qaramay, talabalar sonining ko‘pligi sabab, ularning barchasini chegirma bilan qamrab olishning imkoni yo‘q. Xudayqulov buni bozordagi raqobat hamda aviaparvozlar sonining cheklangani bilan izohladi.

Uzbekistan Airways raisi reyslar sonini qisqa muddatda oshirish qiyinligi, bu yo‘nalishdagi ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilishini bildirdi. “Davlat tomonidan katta yordam berilmoqda va bu reyslar sonini tezroq oshirishimizga turtki bo‘lmoqda”, — deya ta’kidladi Xudayqulov.

Shuningdek, u talabalar uchun mo‘ljallangan chegirmalar bo‘yicha e’lonlar bundan buyon ancha oldinroq e’lon qilinishini va’da qildi.

Avvalroq Spot Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudayqulov aviachiptalar narxiga izoh bergani haqida yozgandi.