Favqulodda vaziyatlar vazirligi O‘zbekistondagi savdo komplekslari, savdo-ko‘ngilochar markazlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga murojaat bilan chiqdi.

FVV boshqarma boshlig‘i Odil Qo‘ldoshev obyekt hududi va bino-inshootlarida yong‘in xavfsizligiga qat’iy rioya etilishini ta’minlash rahbarlar zimmasida ekanligini eslatib, ulardan bir qator asosiy talablarga amal qilishni so‘radi. Jumladan:

  • binolarning evakuatsiya chiqish yo‘llari doimiy ochiq va shay holatda bo‘lishi zarur;
  • binolar yong‘in signalizatsiyasi va boshqa yong‘inga qarshi texnik himoya vositalari bilan jihozlanishi va doimiy ishchi holatda bo‘lishi va nazorat qilinishi kerak;
  • binolar hududi va qavatlari yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari bilan yetarli miqdorda ta’minlanishi zarur;
  • ishchi va xizmatchilar favqulodda vaziyatlar va yong‘in sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakat qilishda bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi shart;
  • obyekt hududi yoki binolarini ijaraga berish davrida, ijaraga oluvchi tomonidan yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etilishi shartnoma shartlarida belgilanishi zarur.

Qo‘ldoshev Toshkent shahridagi Aviator savdo markazida sodir bo‘lgan yong‘indan so‘ng, kelgusida bu kabi baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun ushbu talablarga qat’iy rioya etish kerakligini qayd etdi.

Mamlakat miqyosida bu toifadagi obyektlarda yong‘in xavfsizligiga qarshi ko‘rilgan choralarning to‘g‘riligi, qoidalarga amal qilinishi va shu kabi tadbirlarni nazorat qilish maqsadida joylarda ishchi guruhlar tuzilib, o‘rganishlar o‘tkazilmoqda.

O‘rganishlarda yong‘in xavfsizligi talablarining qo‘pol ravishda buzilish holatlari aniqlanganda, obyektlar faoliyati kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtinchalik to‘xtatilmoqda.

“Obyekt hududi, bino va inshootlarida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilmasligi va buzilishi oqibatida kelib chiqqan yong‘in hodisalari yuzasidan obyekt rahbari va boshqa mas’ul shaxslarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Unutmang, qonun talablarini bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi”, — dedi FVV boshqarma boshlig‘i.

31-yanvar kuni Yashnobod tumanida joylashgan Aviator savdo markazida yong‘in sodir bo‘ldi. FVV xabariga ko‘ra, yong‘in soat 15:47 da aniqlanib, 17:17 da to‘liq bartaraf etilgan. Barcha fuqarolar binodan evakuatsiya qilindi. Korzinka ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in binoning ikkinchi qavatida, boshqa ijarachilar hududida yuz bergan.

Hodisa oqibatida taxminan 3 yoshda bo‘lgan bola halok bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, yong‘indan 800 kv.metr maydon zarar ko‘rgan. Yong‘inni o‘chirishga 12 ta asosiy, 4 ta maxsus va 6 ta suv tashuvchi texnika jalb etilgan.

Yong‘in paytida ikkinchi qavatdagi yong‘in signalizatsiyasi va purkagichlar ishlamay qolgan, zinapoyali yong‘in chiqish joyi esa yopiq bo‘lgan. Signalizatsiya birinchi qavatda ishlagan. Holat yuzasidan jinoiy ish ochildi.

Avvalroq prezident Chorsu va Malika bozorlarida soliq intizomi yo‘qligini tanqid qilgani haqida xabar berilgandi.