Ispaniya va Gretsiya bolalar va o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni rejalashtirmoqda, deb yozadi Reuters.
Seshanba kuni Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Dubayda o‘tkazilgan Butunjahon hukumat sammitida 16 yoshdan kichik shaxslarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi taqiqlanishi haqida ma’lum qildi.
Shuningdek, Sanches hukumat ijtimoiy tarmoq rahbarlarini o‘z platformalarida nafratni qo‘zg‘atganlik uchun shaxsan javobgar qiladigan qonun qabul qilishini aytdi.
15 yoshdan kichik bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashga tayyor bo‘lgan yana bir mamlakat Gretsiya bo‘lishi mumkin.
“Gretsiya 15 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashga „juda yaqin“ turibdi,” deya ta’kidlanadi agentlik xabarida.
27-yanvar kuni Fransiya Milliy majlisi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.
Ovoz berish jarayoni 27-yanvarga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tdi, tashabbus uchun 116 nafar deputat ovoz berdi.
Qayd etilishicha, prezident Emmanuel Makron hukumatni qonunni qabul qilishni tezlashtirishga chaqirdi.
Uning ta’kidlashicha, taqiq 2026-yil 1-sentabrgacha — yangi o‘quv yili boshlangunga qadar kuchga kiradi
Avvalroq Buyuk Britaniya bolalar va o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, hukumat tomonidan bolalarni internetdan himoya qilish maqsadida yangi cheklov chorasi ko‘rib chiqilmoqda.
O‘tgan yili Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqladi.
Yevropa parlamenti esa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun yosh cheklovlarini joriy etishni talab qilmoqda. Daniya 15 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi.
Shuningdek, TikTok yaqin haftalar ichida butun Yevropa bo‘ylab yoshni aniqlashning yangi texnologiyasini joriy etishni boshlashi haqida xabar berilgandi.
Tekshiruv 13 yoshdan kichik bolalarga tegishli hisoblarni aniqroq aniqlash va o‘chirishni talab qilayotgan nazorat organlarining ta’siri bilan bog‘liq.
U profil ma’lumotlari, joylashtirilgan videolar va foydalanuvchi xatti-harakatlarini tahlil qilib, hisobning voyaga yetmagan shaxsga tegishli ekanligini bashorat qiladi.
