Avvalroq prezident maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimini yana-da takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda maktabgacha taʼlim sohasida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi imtiyozlar ham muhokama qilindi.
Maktabgacha taʼlim sohasida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida qamrov darajasi 80%dan past bo‘lgan tuman va shaharlarda (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlar uchun qator qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi.
Jumladan, maktab va bog‘chalar hududidagi bo‘sh yer maydonlarida DXSH asosida bog‘chalar tashkil etilganda, ijara to‘lovlari 30 yilgacha undirilmaydi.
Shuningdek, har bir tarbiyalanuvchi uchun davlat bog‘chalarida bir bolaga to‘g‘ri keladigan xarajatning 50%i miqdorida subsidiya ajratiladi. Ushbu tartib 2024-yildan tashkil etilgan nodavlat bog‘chalarga ham tatbiq etiladi.
Qamrov darajasi past hududlarda bog‘cha va maktabdan tashqari joylarda quvvati kamida 150 o‘rinli nodavlat bog‘chalar tashkil etilsa, 7 yilgacha muddatga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Shu bilan birga, tarbiyachilarga oylik ish haqi to‘lash xarajatlari davlat bog‘chalarida belgilangan meʼyorlar asosida uch yil davomida qoplab beriladi. Har 30 nafar bolaga bir nafar tarbiyachi shtati hisoblanadi.
Mazkur imtiyozlar yangi ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatida tashkil etiladigan xususiy bog‘chalarga ham tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, 2030-yil 1-yanvarga qadar quvvati 150 o‘rindan kam bo‘lmagan nodavlat bog‘chalar tashkil etgan tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi bo‘yicha yengilliklar beriladi.
Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni har tomonlama puxta ishlab chiqish, ularni bosqichma-bosqich joriy etish hamda maktabgacha taʼlim sifatini oshirish orqali bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratish muhimligini taʼkidladi. Mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Avvalroq kambag‘al oilalar farzandlari uchun xususiy bog‘chalar to‘lovining bir qismi qoplab berilishi haqida xabar berilgandi.
