Yo‘l harakati bilan bog‘liq ayrim huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy ogohlantirish qo‘llanadi. Bu bo‘yicha 4-fevral kuni qabul qilingan tegishli qonun (O‘RQ-1116-son) bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq kam ahamiyatli huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy ogohlantirish jazosi qo‘llanilishi belgilandi.
Maʼmuriy ogohlantirish hukuqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunga xilof xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirgan holda unga rasmiy tanbeh berishdir. Ogohlantirish yozma (elektron) ravishda qo‘llanadi.
Ogohlantirish kodeksning quyidagi moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanadi:
- 125−1-modda — transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzganlik;
- 125−2-modda — kamar taqmaganlik, texnik ko‘rikdan o‘tkazmaganlik, tegishli jihozlar bilan jihozlamaganlik;
- 128−1-modda — boshqarish vaqtida telefondan foydalanganlik;
- 128−2-modda — boshqarish vaqtida monitordan foydalanganlik;
- 128−6-modda — to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganlik;
- 135−1-modda — majburiy sug‘urta qilish talablarini buzganlik;
- 138−1-modda — piyodalarning yo‘l harakati qoidalarini buzganlik;
- 138−2-modda — yo‘lning qatnov qismida fuqarolarning turishi, yo‘llarga ajratilgan mintaqa tegrasida mol boqqanlik.
Bunda shaxs o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganda, shuningdek kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari bo‘lmaganda, maʼmuriy jazo chorasini qo‘llashga vakolatli organ tomonidan qo‘llaniladi.
Maʼmuriy ogohlantirish ayni bir shaxsga nisbatan 1 yil davomida 1 martadan ortiq qo‘llanilishi mumkin emas.
2025-yilning mayida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbari topshirig‘i bilan ma’muriy jazolar tizimiga yangi — “ma'muriy ogohlantirish” ta’sir chorasini kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi. Bunda birinchi marta sodir etilgan yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun bir yilda faqat bir marta ogohlantirish berilishi belgilanmoqda.
1-iyundan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari kuchga kirdi. Ularni Yagona portal orqali bepul va hech qanday hujjatlarsiz onlayn tekshirish mumkin.
Shu oyda deputatlar yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingandi. Noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Senatning 11-yalpi majlisida esa ushbu qonun loyihasi maʼqullangandi.
Avvalroq Toshkent-Chorvoq avtomobil yo‘lining ayrim qismlarida tezlik 80 km/soatgacha cheklanishi haqida xabar berilgandi.
