Kompaniyalar tobora ko‘proq ommaviy ishdan bo‘shatishlarning sababi sifatida sun’iy intellektni joriy etishni ko‘rsatmoqda.

Biroq, bu har doim ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deb yozadi The New York Times gazetasi.

Sun’iy intellektni ommaviy ishdan bo‘shatishlarga aybdor deb ko‘rsatish ko‘pincha vaqtidan oldin bo‘lib, zamonaviy mehnat bozoridagi to‘liq vaziyatni aks ettirmaydi.

“Kompaniya xodimlarni bir qator sabablarga ko‘ra ishdan bo‘shatishi mumkin: moliyaviy ko‘rsatkichlarga erishilmagan bo‘lishi, xodimlar soni me’yordan oshib ketgan bo‘lishi, tariflar ta’siri yoki yirik mijozni yo‘qotish kabi holatlar ro‘y bergan bo‘lishi mumkin”, — deya ta’kidlanadi nashrda.

Ammo so‘nggi paytlarda ko‘plab G‘arb kompaniyalari texnologiyalarda kutilayotgan jiddiy o‘zgarishlarni sabab qilib, xodimlar sonini qisqartirish haqida e’lon qilmoqda.

Amazon kuzda e’lon qilingan 14 mingga qo‘shimcha ravishda 16 mingta korporativ ish o‘rnini qisqartirayotganini ma’lum qildi.

Pinterest qisman “resurslarni sun’iy intellektga yo‘naltirilgan lavozimlarga qayta taqsimlash” tufayli ishchi kuchining taxminan 15% ini qisqartirishini aytdi.

Hewlett-Packard kompaniyasi “HP'da sun’iy intellektni joriy etish uchun katta imkoniyat"ni ko‘rmoqda, bu esa yaqin yillarda 6000 tagacha ish o‘rinlarini qisqartirishga olib keladi.

Biroq, New York Times jurnalistlari bilan suhbatlashgan tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, kompaniyalar ko‘pincha investorlar oldida o‘zlarining haqiqiy muammolarini yashirishadi.

“Sun'iy intellekt sohasidagi ish o‘rinlarini qisqartirish jamoatchilik orasida qanchalik noxush qabul qilinmasin, u boshqa sabablarga, masalan, kompaniyadagi yomon rejalashtirish kabi holatlarga qaraganda kamroq tortishuvlarga sabab bo‘lishi mumkin”, deya ta’kidlanadi nashrda.


Avvalroq AQSHda o‘qituvchilar o‘rniga SI dars beradigan maktablar tarmog‘i paydo bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, maktablarda o‘qituvchilar va uy vazifalari yo‘q hamda o‘qish uchun to‘lov yiliga $65 minggacha yetishi mumkin.